10:21 / 12.05.2016
12638

Akbar Bekturdiyev: “Ruxsatsiz savdoning oldi olinsa, “Oyqiz ertagi” o‘z xarajatini qoplaydi”

Rejissyor Akbar Bekturdiyevning byudjyeti 1.6 milliardni tashkil etgan “Oyqiz ertagi” filmi ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi. Shu bois talablarga binoan ilk marotaba fentezi-ertak janrida suratga olingan mazkur film yuzasidan suhbat uyushtirdik. 

— Nega aynan “Oyqiz ertagi”? Bu mavzuda to‘xtalishingizga nima turtki bo‘ldi? 

— Men har doim yangi filmni suratga olishimdan avval, albatta, avvalgi suratga olgan filmlarimning mavzusiga, janriga e'tibor berib, ulardan ajralib turadigan film ishlashga harakat qilaman. Oxirgi ikki yilda suratga olingan, kinoteatrlarimizda namoyish etilayotgan filmlar mavzusi bir biriga o‘xshash bo‘lib qolayotgani uchun ham boshqa mavzuda ishlash men uchun qiziqroq. Jumladan, tanlagan mavzuimning qiziqroq bo‘lishiga ham ahamiyat beraman. Shu bois anchadan beri fentezi ertak janrida qo‘l urilmaganligini hisobga olib, o‘zimni sinab ko‘rishga ahd qildim. 

— Film g‘oyasi va maqsadi nima? Bugungi kun tomoshabiniga nima beradi? 

— Film ona Vatanni asrash kerakligi g‘oyasini ilgari suradi. Maqsad - ezgulikning har doim yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi, shu bois faqat ezgulikka intilish kerakligini ertak janri orqali yoshlarga singdirish. 

— Sizga bunday katta filmni suratga olishingizga ishonch bildirishganining o‘zi katta gap. O‘zingiz bunga qay darajada ruhan tayyor edingiz? Cho‘chish bo‘lmadimi? 

— Albatta! Aslida har bir filmni suratga olishga kirishganimizda hayajon tug‘iladi. Sababi, bugungi kunning talabchan tomoshabinining ko‘nglini olish, diqqatini tortish oson emas. Qolaversa, jahonning ertak janrida suratga olingan filmlarini ko‘rsak, juda katta mablag‘ safrlanganligi, effekt darajalari juda ham kuchliligiga amin bo‘lamiz. O‘zbek tomoshabinlari ham bunday filmlarni ko‘rgan. Shu bois ish jarayoniga kirishishdan avval menda “tanlagan mavzuim orqali tomoshabin ko‘ngliga kira olamanmi? Film tomoshabinga yoqadimi? Nima demoqchi bo‘layotganimni yetkazib bera olamanmi”, degan savol tug‘iladi. “Oyqiz” ertagi filmining suratga olish jarayoniga kirishdan avval loyiha katta bo‘lganligi bois menda ham o‘ziga yarasha qo‘rquv bo‘ldi. Shunga qaramay yigirma yildan beri endi, ilk marotaba ushbu fentezi ertak janrida film suratga olindi. Qolaversa, filmning ish jarayonlari shaxsan o‘zimga ham maktab bo‘ldi. Shu sababli kelgusida suratga olinadigan navbatdagi fentezi ertak janridagi filmlarni suratga olishda tajribadagi ochilmagan qirralarni yaxshiroq namoyon etishga, xatolarni bartaraf etishga harakat qilamiz. 

— Bosh rollarga nega aynan Yigitali Mamajonov va Yulduz Rajabova tanlandi?  

— Bosh rol uchun mo‘ljallangan boshqa guruhlar ham bor edi. Ammo aynan yulduz Rajabova va Yigitali Mamajonovni tanlaganimning sababi, jang sahnalaridan institutda yaxshi saboq olganliklari, filiptomaniya, ya'ni qilich, nayza jang sahnalari (sahna jangi)da o‘zlarini yaxshi ko‘rsata olganliklari bo‘ldi. 

— Aktyorlar jamoasi necha kishini tashkil etdi? Albatta, jang sahnalari o‘ziga yarasha vaqtni talab etgandir shundaymi?

— Albatta, bosh qahramonlarga filiptomaniya jang san'atidan saboq berish bir oz vaqt talab etdi. Qolaversa, otda yurish va yugurish kadrlariga kaskadyorlar jalb etildi. Film jamoasi taxminan 100 kishini jalb etdi. 

— Filmning suratga olish jarayoni va montaj jarayonlari qancha muddat davom etdi?

— Filmning ish jarayonlari 2014 yilning bahor faslida boshlandi. Stsenariy ustida qayta ishlash, kompyuter grafikasi, jang sahnalarini ishlash jarayonlariga 2015 yilning yoz mavsumida otlandik. S'yomka jarayonlari to‘liq ikki yil davom etdi. 

— Suratga olish jaryonlarida eng qiyinchilik tug‘dirgan sahnalar qaysi bo‘ldi?

— Ommaviy jang sahnalari yozning jazirama issig‘ida, Xorazm vohasining Ichanqal'a va issiq cho‘l hududlarida suratga olinganligi qiyinchiliklar tug‘dirdi. Hatto bu jarayonda bosh rol ijrochisi Yulduz Rajabova hushidan ham ketib qoldi. Tez tibbiy yordam xizmatining borligi esa jonimizga oro kirdi.  Bunday katta loyihalarni suratga olish uchun har ehtimolga qarshi tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish mashinalari tayyor turadi. Yoz o‘tib, dekoratsiyalarni qurish qish kunlariga to‘g‘ri kelib qoldi. Aktyorlar yupqa liboslarda rol ijro etishga majbur bo‘lishdi. Shunday qilib, yozning jaziramasida qiynalib, qishda sovuqqotib bo‘lsa ham mehnat qildik. 

— Kelajakda suratga olish mumkin bo‘lgan katta tariximiz, qanchadan- qancha buyuk siymolarimiz bor. Lekin ular haqida film suratga olishda rejissyorlarimizda jur'at yetishmaydigandek... Siz ilk marotaba ertak janrini suratga oldingiz. Balki, kelajakda tarixiy filmga ham qo‘l urarsiz? 

— Albatta, tarixiy film suratga olish har bir rejissyorning orzusi bo‘lsa kerak. Qolaversa, bu ko‘plab tomoshabinlarni qiziqtirayotgan va ular kutayotgan savollardan biri, desak yanglishmaymiz. Ammo shuni aytish mumkinki, bu biz o‘ylaganchalik oson ish emas. Bunga uzoqroq vaqt, katta mablag‘ va tarix haqida yaxshigina bilim kerak bo‘ladi. Tarixiy filmda tarixiy sahnalardan kelib chiqib, libos, qurol-aslahalardan foydalanish kerak. Voqealar ketma-ketligini suratga olishda xatoga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Shu bois ilk marotaba ertak fentezi janriga qo‘l urgan bo‘lsam, bu men uchun tajriba maydonini o‘tadi. Kelajakda, albatta, tarixiy filmga qo‘l urib, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud haqida film suratga olishni niyat qilganman. 

— “Oyqiz” ertagi necha yoshdagi tomoshabinlar auditoriyasini qamray oladi? 

— Men ma'lum bir yoshdan ma'lum yoshgacha deb tomoshabinlarga chegara qo‘ygim kelmadi. Filmni istalgan yoshdagi tomashabin ko‘rishi mumkin. 

— Film uchun katta (1,6 mlrd) mablag‘ safrlangan ekan. Film shu ketgan mablag‘ni qoplay oladigan darajada kassabop bo‘ladi, deb ayta olasizmi?  

— Avvalambor bunisi Yaratganga ma'lum. Bu haqda oldindan bir narsa deyishga har bir ijodkor qo‘rqadi. O‘ylaymanki, agar filmimizning noqonuniy va ruxsatsiz savdosining oldi olinsa, filmga ketgan xarajat qoplanishi mumkin. 

— Suratga olish jarayonlari poytaxtimizning qaysi hududlarida suratga olindi?  

— Toshkent viloyati hamda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida qurilgan dekoratsiyalarda suratga olindi.  Qolgan qismi Xorazm vohasining Ichanqal'a va cho‘l hududlarida suratga olindi. 

— Film premerasi qachon bo‘lib o‘tishi kutilmoqda? 

— 18-19 may kunlari 

 Mohichehra Eshmirzayeva suhbatlashdi

   

Top