11:27 / 12.05.2016
9959

AQShda O‘zbekiston fuqarosiga IShIDni qo‘llab-quvvatlash aybi qo‘yildi

Nyu-York shahri sudi O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Rahmatovga IShID ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ayblov e'lon qildi. Bu haqda Reyter agentligiga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatgan.

Rahmatov 11 may kuni hibsga olingan. Sud ma'lumotiga ko‘ra, u IShIDni qo‘llab-quvvatlagan va unga qo‘shilmoqchi bo‘lganlarga yordam bergan mahalliy guruh a'zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, u a'zo bo‘lgan guruh a'zolari IShID uchun mablag‘ to‘plashgan va odamlarni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullangan.

Rahmatov aybdor deb tan olingan taqdirda 50 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etiladi.

Bir yildan ziyodroq vaqt muqaddam xuddi shu ish yuzasidan O‘zbekiston fuqarolari Abdurasul Jo‘raboyev va Abror Xabibov, shuningdek, Qozog‘iston fuqarosi Ahror Saydaxmetov ham qo‘lga olingan edi.

Ma'lumot uchun, IShID bugungi kunda dunyodagi tinchlikni tahdid ostida qoldirayotgan eng katta xavflardan biri hisoblanadi. Keyingi 3 yil davomida IShID jangarilari Iroq va Suriyada kattagina hududni egallab olishgan va tashkilot faoliyati tufayli bu mintaqada xavfli vaziyat saqlanib qolmoqda. 

Bugungi kunda IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya, kurdlarning o‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari, Rossiya Havo-kosmik kuchlari ko‘magida Suriya armiyasi kurash olib bormoqda.

Top