12:15 / 12.05.2016
21191

Facebook'da TATU ustidan shikoyat qilgan talabaga universitet rektori javob qaytardi

Toshkent axborot texnologiyalar universitetining sobiq talabasi Jumabek Alixanov Facebook’dagi Maslahat.uz guruhida o‘z muammosi bo‘yicha yozilgan post qoldirdi va guruh a'zolari bo‘lgan yurist, ta'lim muassasalari ma'muriyatlari xodimlari yoki chet elda o‘qib kelgan sobiq talabalardan maslahat so‘radi.

U chet elda ta'lim olayotgan talabaga qo‘yilayotgan to‘siqlardan shikoyat qilgan va o‘z postiga "Chet elda ta'lim olayotgan talabaga to‘siqlar yoxud O‘zbekiston ta'lim muassalaridagi qiyinchiliklar va kamchiliklar" deya sarlavha qo‘ygan.

Quyida ushbu murojaat qariyb o‘zgartirishsiz keltirilgan:

“Men Jumabek Alixanov hozirda magistraturada o‘qiyman. Ayni paytda maqsadim O‘zbekistonga professor bo‘lib qaytish va Axborot xavfsizligini ta'minlashda qo‘limdan kelganicha xizmat qilish. Lekin hozirda mening ta'lim olishimga to‘sqinlik qilayotgan muammo bor. Bu men tahsil olgan Toshkent axborot texnologiyalar universiteti (TATU) bilan o‘rtamizda imzolangan shartnoma.

Avvalambor diplomimni bermasdan magistraturaga o‘qishga topshirishimga to‘sqinlik qilishdi. Diplomni vaqtincha olish maqsadida shartnoma imzoladim. Lekin TATU shartnomadagi shartlarni bajarmadi. Endi esa yangi rektor mendan shartnoma talablarini bajarishimni so‘rayapti.

Men 2014 yili, TATUda bakalavrlik darajasini olib, Janubiy Koreyadagi Inha universitetining magistraturasiga mustaqil ravishda o‘qishga kirgandim. 

Inha universiteti nizomiga ko‘ra, o‘qishga qabul qilingan talaba diplom va ilova nusxalariga apostil qo‘ydirib, universitetga jo‘natishi kerak edi.

Shu bois, grant asosida o‘qigan talabalarga diplom ko‘chirmasini berayotgan Lola opa ismli xodimadan fuqarolik pasportimni garovga qo‘yish orqali diplomning asl nusxasini 2 haftada qaytarib berish sharti bilan so‘radim.

Avvaliga Lola opa buning uchun ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Teshaboyevdan shu haqda arizaga imzo olib kelishimni so‘radi. Arizaga imzo qo‘ydirib olib borganimda u quyidagi gapni aytdi: "Rektorni yangi qarori chiqdi, endi agar talaba grant asosida o‘qigan bulsa, faqat shartnoma tuzganlargagina diplom beriladi". 

Shundan so‘ng xalqaro bo‘lim boshlig‘i Sobir aka orqali quyidagi rasmda ko‘rsatilgan shartnomani imzoladim.

Gap shundaki, shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni TATU bajarmadi. Sababi birinchidan, meni Inhadagi o‘qishga TATU yuborgan emas, balki, mustaqil ravishda o‘zim borganman. Ikkinchidan, shartnomada TATU grant topib berishi kerak deb aytilgan, lekin grantni men o‘zim mustaqil topib yutganman.

Ayrim dalillar sifatida quyidagilarni keltirishim mumkin: birinchidan, Inha universitetiga o‘qishga qabul qilinishimda TATU men uchun hech qanday tavsiyanoma bermagan, hattoki Inhaga men haqimda birorta e-mail ham jo‘natilmagan. Bundan tashqari, shartnoma magistraturaga o‘qishga kirganimdan so‘ng 1 oy 19 kun o‘tib imzolangan. 

2014/6/27 - Inhaga o‘qishga qabul qilindim;

2014/6/27 - JongSeok grantini yutdim;

2014/8/15 - Shartnoma imzolangan sana.

Shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmaganiga qaramasdan hozirda TATU mendan shartnomadagi ikkinchi tomon bajaradigan shartlarni talab qilayapti.

Xullas maslahat bering, men qaysi tashkilotga murojaat qilishim, yoki qanday yo‘l tutishim kerak?”

Talabaning mazkur murojaatiga Toshkent Islom universiteti prorektori va TATU rektori ham javob qaytargan.

Toshkent Islom universiteti prorektori mazkur murojaatga javoban "boshqa davlat grantida o‘qigan, lekin chet elga ketmagan talabalarning bu shartnomani tuzishiga ehtiyoj yo‘qligini, ular o‘qishni bitirib, bironta davlat tashkilotida ishlab berishini va davlat oldida o‘z majburiyatlarini shu bilan bajargan hisoblanishi"ni aytib o‘tgan.

Jumabek Alixanov esa davlat hisobidan tahsil olgani va ishlab berishni kechiktirgani uchun u bilan alohida shartnoma tuzilganini ma'lum qilgan.

Keyin Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori O‘tkir Hamdamov va talaba o‘rtasida dialog tarzida muloqot kechgan.

Rektor: "Universitet nima qilayotgan bo‘lsa respublikamiz ravnaqi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida amalga oshirmoqda. Siz imzolagan shartnoma orqali sizga ish bermoqchimiz, ishlashingiz uchun sharoit yaratmoqchimiz”.

Talaba: “Hurmatli rektor, O‘tkir Hamdamov. Shoshqaloqlik qilgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Gap shundaki, men hali magistrlik o‘qishimni tamomlamasdan turib, qachon TATUga ishlab berasan deb so‘raldi. Buni siz o‘qigan e-mail’da ham keltirgandim. Bu esa meni butun fikrimni o‘qish va izlanishga qaratishdan to‘xtatdi. Men nima qilayotgan bo‘lsam respublikamiz ravnaqiga qo‘limdan kelganicha hissa qo‘shish uchun qilayapman. Maqsadim, jahon standartidagi kadr bo‘lib yetishish va O‘zbekistonni Axborot Texnologiyalari sohalarini jahon standartiga olib chiqish. Shu sabab men nafaqat magistr balki, PhD (doktorlik darajasi) ham o‘qishni rejalashtirganman”.

Rektor: "Istasangiz boshqa davlat tashkilotida ishlashingiz mumkin, lekin hali TATU o‘zining xulosasini aytmasidan turib o‘zingiz xulosa chiqarishingiz noto‘g‘ri".

Talaba: "Avvaliga men shartnomani TATU meni o‘qishga yuborganligi haqida deb o‘ylagandim. Keyin (shu postdagi kommentlar orqali) bilsam, bu TATU meni bakalavrlik granti evaziga ishlab beradigan 3 yilni kechiktirishi haqida ekan. Iltimos, agar buni noto‘g‘ri tushungan bulsam, meni to‘g‘irlab qo‘ying.

3 yil xohlagan davlat tashkilotiga ishlab berishim mumkinligini aytib meni juda quvontirdingiz. Faqat PhD olgunimga qadar mendan hech narsa talab qilishmasa, o‘qishimga sharoit yaratilgan bulardi. Sizni judayam vatanparvar inson ekaningiz haqida eshitganmiz. Iltimos, imkon bo‘lsa meni PhD olgunimcha bezovta qilishmasa. Shu sharoitni yaratib bersangiz, davlatimiz ravnaqiga o‘z hissamni qo‘sha olardim. Vaqt topib menga yordam berayotganingiz uchun tashakkur".

Rektor: "Biz ham o‘qishingizni qo‘llab-quvvatlaymiz, kerak bo‘lsa tavsiya ham berishimiz mumkin. Lekin magistraturani tamomlagandan so‘ng PhD (Doctor of Phylosophy) o‘qimasdan ishlab ketadigan bo‘lsangiz, sizni chaqirib olishga to‘g‘ri kelishi mumkin".

Talaba: "Men uchun hozir eng katta yordam bu agar meni hech kim TATUdan PhD olgunimcha bezovta qilmasa. Ish masalasi buyicha fikringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Ayniqsa buni TATUda grant buyicha o‘qigan va hozirda chet elda ishlayotgan talabalarni barchasiga qo‘llashingiz tarafdoriman".

Top