19:58 / 12.05.2016
6403

Indoneziya hukumati zo‘rlash va nomusga tegish jinoyatlarini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirmoqchi

Indoneziya hukumati zo‘rlash va nomusga tegish jinoyatlarini sodir etganlarni kimyoviy usul bilan "bichish" va qatl etish jazosini qo‘llash taklifini ilgari surmoqda, deb xabar qilmoqda ABC News.

Aprel oyida 14 yoshli qizning guruhli zo‘rlanib hayotdan ko‘z yumishi sabab jamiyatda vujudga kelgan norozilik kayfiyati Jinoyat kodeksi me'yorlarini qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘lgan. 

Shu haftada 7 nafar o‘smir ushbu jinoyatda aybdor deb topilib, 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. 

Aytish joizki, mamlakat ayollariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik keng tarqalgan: kuniga bu yerda 35ta shunday jinoyat ro‘yxatga olinadi. Biroq ayni ushbu hodisa, jinsiy tajovuzlarni sodir etganlar uchun jazoni keskinlashtirish borasida mamlakat hukumatiga turtki bo‘ldi. 

Inson huquqlari va adliya vaziri Yason Laoli umrbod qamoq jazosi tayinlash fikrini ilgari surgan, mabodo jabrlanuvchi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, o‘lim jazosi tayinlanishi lozim. So‘nggi jazo chorasi zo‘rlangan ayol nogiron bo‘lib qolgan holatga ham tegishli. 

Mamlakat prezidenti Joko Vidodo esa, kimyoviy usul bilan "bichish" jazosini ma'qullagan. Davlat rahbari, jinsiy tajovuz bolalarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, jazoni ham kuchaytirish lozimligini qayd etgan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar 12 maydan boshlab kuchga kirishi mumkin. Buning uchun Indoneziya prezidentining farmoni bo‘lsa kifoya. 

Biroq huquq himoyachilari bu kabi tashabbuslarga birmuncha xavfsirash bilan yondoshmoqda. Xususan, huquqshunos Xaris Azxarning fikricha, inson huquqlari jihatidan olib qaraganda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashning bunday keskin ko‘rinishi vahshiylikdir.

Top