18:08 / 13.05.2016
9281

RBK rahbariyati iste'foga chiqarildi

RBK gazetasi muharriri Maksim Solyus bo‘shatilishi ortidan sayt muharriri Roman Badanin va bosh muharrir Yelizaveta Osetinskaya Solyusga sadoqatini bildirgan holda iste'fo berdi. Bu iste'folar qabul qilingani haqida RBK xoldingi bosh direktori Nikolay Molibog rasman ma'lum qilgan.

«Keyingi vaqtlarda biz RBKning kelgusidagi rivojlanishi bo‘yicha ko‘p marta gaplashdik. Lekin bu muhokamalarda yagona fikrga kela olmadik. Natijada hamkorlikni to‘xtatish qaroriga to‘xtaldik. Men Yelizaveta, Roman va Maksimga o‘tgan vaqt davomidagi hamkorlik va kompaniya rivojidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirishni istardim», — deya Nikolay Molibogning so‘zlarini keltiradi RBK sayti.

«Vedomosti» nashrining RBK tizimidagi manbasi xabariga ko‘ra,  Osetinskaya va Badanin ikki tomonlama kelishuv asosida iste'foga chiqqan, Maksim Solyus esa «o‘z ixtiyoriga qarshi» ishdan bo‘shatilgan.

Ushbu mediamenejyerlarning o‘rinlarini kimlar egallashi haqida biroz keyinroq ma'lum qilinishi aytilgan.

Osetinskaya 2013 yildan buyon RBK bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgandi. U bungacha Forbes jurnalining ruscha versiyasida faoliyat ko‘rsatgan. U shuningdek, bir muddat "Vedomosti.ru" sayti bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

Solyus 2014 yilning bahorida RBK gazetasi bosh muharriri sifatida tayinlangandi. Undan oldin u "Vedomosti" gazetasida 10 yil davomida bosh muharrir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Badanin RBK axborot agentligini 2014 yilning yanvaridan buyon boshqarib kelayotgandi. Muqaddam u forbes.ru saytida bosh muharrir bo‘lgan.

Aprel oyida Osetinskaya AQShga ketgandi. U avvaliga jamoaga avgust oyida ishdan ketishi haqida ma'lum qildi, keyinroq bu ish may oyidayoq ro‘y berishini bildirdi.

Keyingi vaqtlarda RBK xoldingi Vladimir Putinning qizi va kuyovining "Panama mojarosi"ga aralashgani haqidagi materiallari tufayli Kreml bosimi ostida qolgani bo‘yicha mish-mishlar bildirildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Peskov esa bunday gaplarni inkor qildi va milliarder Mixail Proxorovga tegishli bo‘lgan «Oneksim» guruhi ofisida o‘tkazilgan tekshiruvlar RBK tahririyati siyosati bilan bog‘liq emasligini aytdi.

Top