15:50 / 14.05.2016
23417

Qonli tog‘ - Jomolungmaning sirlari

Bundan roppa rosa 20 yil muqaddam, to‘g‘rirog‘i 1996 yilning 11 mayida yer sharining eng baland nuqtasi bo‘lmish Everestni zabt etishga ahd qilgan 8 nafar alpinist xalok bo‘lgan edi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, 1996 yil davomida dengiz sathidan 8 ming 848 metr balandlikda bo‘lgan mahalliy aholi tomonidan Jomolungma deb ataluvchi Everstga chiqmoqchi bo‘lgan 15 kishi halok bo‘lgan. O‘sha yilning 10 may kuni bir vaqtning o‘zida ikkita ekspeditsiya — “Tog‘ telbaligi” (Mountain Madness) va “Sarguzashtlar bo‘yicha maslahatchilar” (Adventure Consultants) 8 kilometrlik balandlikka yo‘l olishdi. Har ikki ekspeditsiya tarkibida umumiy hisobda 30 kishi bor edi. Ulardan olti nafari tajribali alpinist-gid bo‘lib, 8 nafari mahaliy sherp elati vakillari, 16 nafari esa sayyohlar edi. Mahalliy sherp elati vakillarining yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani bois har ikki guruh oqshom tushishi bilan yarim yo‘lda to‘xtashga majbur bo‘ldi. Kuchli bo‘ronning boshlanishi oqibatida ekspeditsiya a'zolarining ayrimlari yo‘ldan adashib qoladi. Ekspeditsiya a'zolaridan biri noqulay ob-havo sharoiti tufayli tepalikda qolib ketganlarini o‘z xolicha qidirishga bel bog‘laydi. U uch kishini topishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik olti kishining jasadi topildi. Ammo ikki nafar alpinistning jasadi topilmaydi.

Ilk bor Everest 1953 yilda zabt etilgan. Shundan beri tog‘ yuzlab alpinistlarning umriga zomin bo‘ldi. Shu sababli ham mahalliy aholi Everestni o‘lim tog‘i deb atashadi. 1953 yildan shu kunga qadar cho‘qqiga chiqish maqsadida yo‘lga otlangan 200dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Shunga qaramay har yili Everest tomon o‘rtacha 500 kishi yo‘l oladi. 2014 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra shu kunga qadar 4042 alpinist cho‘qqiga ko‘tarila olgan. Shundan 2829 nafari Everestga bir necha bor chiqqan. Cho‘qqiga asosan bahor va kuz oylarida chiqiladi.

Shu yilning 11 may kuni sherp elatining vakili Sherra Gialgen (Sherra Gyalgen) Nepalda 2015 yil 25 aprelda yuz bergan kuchli 7,9 magnitudaga teng zilziladan keyin ilk bor Everest cho‘qqisiga chiqdi. (O‘sha yili yuz bergan zilzilalar oqibatida 9 ming kishi halok bo‘lib, 22 mingdan ortiq kishi jarohat olgan edi). Bu xaqda Nepal tog‘ turizmi uyushmasi ma'lum qildi. Bundan avval yaponiyalik alpinist Nobukazu Kuriki cho‘qqiga chiqmoqchi edi, ammo uning urinishlari samarasiz yakunlandi.

Xitoy va Nepal xududlarida joylashgan Everest uch burchakli piramidani eslatadi. Jomolungma Nepal Sagarmatxa milliy bog‘ining tarkibiy qismi hisoblanadi. Tog‘ cho‘qqisida soniyada 55 metrga teng kuchli shamol esib turadi. Tibet tilidan tarjima qilinadigan bo‘lsa “Jomolungma” “Shamollar xukmdori (jomo xukmdor), (rlung shamol) degan ma'noni anglatadi. Uning boshqa “Jomo Kang Kar” degan nomi ham bor. Buning ma'nosi (jo-mo-gangs-dkar - “oq qorlar xukmdori” degan ma'noni anglatadi. Inglizlar cho‘qqini 1830-43 yillarda Britaniya Hindistoni geodeziya xizmatiga rahbarlik qilgan Jorj Everest (George Everest, 1790—1866) nomi bilan atashadi. Bu boradagi taklif 1856 yilda Jorj Everestning merosxo‘ri Endryu Vo (Andrew Waugh, 1810—1878) tomonidan ilgari surilgan edi. U o‘z xodimi hindistonlik matematik va topograf Radxanat Sikdarning 1852 yilda “XV cho‘qqisi”ni tadqiq qilib, nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda eng baland ekanini isbotlab berganidan keyin cho‘qqiga Everst nomini berish kerak, degan taklif bilan chiqdi. Oradan yuz yil o‘tib, ya'ni 50-yillarda hindistonlik topograflar zamonaviy texnologiyalar bilan Jomolungma cho‘qqisini o‘lchab chiqishdi. 1975 yilda esa xitoylik olimlar cho‘qqi balandligini o‘lchashdi. 1998 yilda Amerika ekspeditsiyasi GPS yordamida cho‘qqining balandligi 8 ming 850 metrga teng ekanligini aniqlashdi. Shu tariqa cho‘qqi 19 asrda belgilanganidan 11 metr baland bo‘lib chiqdi. Italiyalik geolog Ardito Dezio zamonaviy radioapparaturalardan foydalagan holda cho‘qqi balandligini o‘rganar ekan, 8 ming 872,5 metr ekanligi borasida bayonot berdi. Biroq hozircha amerikalik va italiyalik olimlarning fikri rasman tan olinganicha yo‘q.

2005 yilda Xitoy davlat geodeziya va kartografiya boshqarmasi yangi ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra Jomolungma balandligi dengiz sathidan 8 ming 844,43 metr yuqorida ekani aytiladi. 2010 yilning 8 aprelida cho‘qqining balandligi rasman dengiz sathidan 8 ming 848 metr balandlikda, deb e'lon qilindi. Nepalda 2015 yilda yuz bergan yer qimirlashlaridan keyin UNAVCO notijorat geofizika tadqiqotlari konsorsiumi Jomolungmaning balandligi 2,54 santimetrga pasayganini ma'lum qildi.

1975 yilning bahor faslida Everestga ilk bor ayollar ekspeditsiyasi ko‘tarila boshladi. Jomolungmani zabt etgan birinchi ayol sifatida yaponiyalik alpinist Dzyunko Tabey tan olinadi. Yevropaliklar orasida esa polshalik ayol Vanda Rutkevich 1978 yilda cho‘qqini zabt etdi.

Alpinistlar Everestga odatga ko‘ra, kislorod niqobini taqib olgan xolda chiqishadi. 2013 yilning 23 may kuni cho‘qqiga chiqqan 80 yoshli yaponiyalik Yuitiro Miura Everestni zabt etgan eng keksa kishi sifatida tan olinadi. 2014 yilning 24 mayida hindistonlik 13 yoshli Purna Malavatx cho‘qqiga chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

Sharofiddin To‘laganov

Top