16:50 / 16.05.2016
3230

Povetkin: “Taqiqlangan preparatlar iste'mol qilganim yo‘q”

Rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin matbuot anjumanida ta'kidlashicha, u taqiqlangan dorilarni iste'mol qilmagan va aksildoping tashkilotlari qarshisida vijdoni toza. Aleksandrning aytishicha, bo‘lg‘usi jangning qoldirilishi uning faoliyatiga salbiy ta'sir etadi. 

"Men bundan shokdaman, albatta. Ushbu mojaro qanday yakunlanadi, bilmayman. Ammo hozirdanoq barchasi salbiy tomon yuz tutmoqda", - degan Povetkin.

Ma'lumki, Povetkinning o‘ta og‘ir vaznda WBC (Butunjahon boks kengashi) tasnifi bo‘yicha jahon chempioni amerikalik Deonte Uaylder bilan 21 mayda belgilangan jangi, Aleksandr bilan bog‘liq doping mojarosi sabab noma'lum muddatga qoldirilgan edi. 

Amerikalik bokschi faoliyati davomida 36 g‘alabaga erishgan, (35tasi nokaut), bitta ham mag‘lubiyat alamini tortmagan. Povetkin hisobida 30 g‘alaba, (22 tasi nokaut) va bitta mag‘lubiyat bor. 

"Albatta, qandaydir loy chaplashsa kim ham o‘zini yaxshi his qilar edi. Ammo men bunday hisdan yiroqman, chunki hech narsa iste'mol yoki qabul qilganim qo‘y.  "Mildronat"ni esa, taqiqlanmasdan avval ko‘pchilik qabul qilgan", - degan Povetkin.

"Jamoa jangning boshqa muddatga qoldirilishi yoki bekor qilinishini kutgani bois, bunga tayyor edi", - degan bokschining murabbiyi Ivan Kirp. 

Povetkinning Uaylder bilan jangi arafasida o‘tkazilgan doping tekshiruvida Aleksandrda meldoniy qoldig‘i borligi aniqlangan edi. Uning miqdori 70 nanogramm (0,007 mikrogramm) bo‘lgani xabar qilingan. 

Ushbu xabardan keyinroq, Amerikaning ESPN telekanali xabar qilishicha, Povetkinning 7, 8 va 11 aprel kunlari o‘tkazilgan avvalgi uchta doping probasi salbiy, 27 aprel kungisi esa ijobiy natijani ko‘rsatgani haqida xabar qilgan edi. 

Afsonaviy murabbiy Freddi Rouch ham TASS agentligiga o‘z fikrlarini bildirgan. Uning aytishicha, Aleksandr rostgo‘y inson va sportchidir. 

"Vaziyatga tulicha yondashish mumkin, qachondir meldoniy mumkin edi, endi taqiqlangan, - degan Rouch. - Ammo men bilgan Aleksandr rostgo‘y sportchidir. Biz, umuman, bu jangni ko‘ramizmi-yo‘qmi noma'lum, ammo u o‘tkazilgan taqdirda ham yirik jang bo‘lishi shubhasiz".

Rouch Parkinson xastaligiga qaramay hamon murabbiylik faoliyatini davom ettiradi. U o‘z vaqtida Mayk Tayson va Oskar de la Xoyya, Menni Pakyao hamda Migel Kottolarni tayyorlagan va jahon boksidagi eng tajribali murabbiylardan biri hisoblanadi.

Top