16:24 / 16.05.2016
9352

Turkiyalik deputat ruslarning yana bir samolyotini urib tushirish haqidagi tvitiga izoh berdi

Turkiya parlamenti deputati Shamil Tayyor uning o‘z tvitterida "ruslarning yana bir samolyotini urib tushirish bo‘yicha bildirgan taklifi" mutlaqo hazil ma'nosida yozilgan bo‘lgani haqida bildirdi.

U 15 may oqshomida basketbol bo‘yicha Yevropa chempionati finalida Istanbulning "Fenerbahche" jamoasi Moskvaning TsSKA jamoasidan mag‘lub bo‘lganidan keyin quyidagicha tvit qoldirgandi: "Istaymanki, Rossiyaning yana bir samolyoti urib tushirilsin".

Keyinroq u bu tviti butunlay hazil sifatida yozilgani haqida aytdi.

"Men birinchi samolyot urib tushirilganini xato deb hisoblaganim holda, ikkinchi xatoga yo‘l qo‘yilishiga rozi bo‘lishim mumkinmi? Bunday darajada emasman. O‘yin hakami o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatuvchi qarorlar qabul qildi. Bu barcha turkiyaliklar kabi mening g‘azabimni keltirgandi. Aytishim kerakki, bu hazil gap edi. Ruslar esa aroq ta'sirida o‘qigani faqat "bomba" so‘zi bo‘ldi", deydi u.

Deputatning tvitetiga tvitterning turkiyalik foydalanuvchilari keskin ravishda noroziliklar bildirishgan. Ularning fikricha, bunday da'vatlardan keyin mamlakatning Rossiya bilan munosabatlari yanada yomonlashishi mumkin.

"Bunday gap aytilganiga ishonish qiyin. U aqldan ozganmi?" (Helin), "Samolyot quladi, turizm o‘ldi, odamlar esa xonavayron bo‘ldi. Unga esa bu yoqqan ko‘rinadi" (Tanju Yilmaz), "Kilisda bosh ko‘tarib yurib bo‘lmay qolgan. Sen avval o‘z yurtingni qo‘riqla. IShID Kilisga har kuni raketa yog‘dirmoqda" (Xakan Binzat), "Bunday davlat xizmatchisini xoin deb atash mumkin" (Xusayn Toptash), "Shunday siyosatchilar bor ekan, dunyoda tinchlik bo‘lishi – illyuziya" (Shaxap Kyuchukkayya), "Iste'foga chiq! Sen kabilar tufayli davlatimizning do‘stlari qolmayapti" (Tamer Yildiz), "Urib tushiriladigan samolyotda sen bo‘lishing kerak, janob Tayyor (Ibrohim Gyunyushok), "Men hali seni sud qilishayotganiga guvoh bo‘laman degan umiddaman", (Ilhan Shahuto‘g‘li) kabi tvitlar yozilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning noyabrida Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlarga jalb etilgan Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyoti Turkiya chegarasiga xavfli darajada (4 km) yaqinlashgani uchun turkiyalik chegarachilar tomonidan urib tushirildi. Anqara tomoni Su-24 samolyoti o‘z hududiga kirib kelgani uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini iddao qilgan. Rossiya bosh shtabi hamda Suriya tomoni ham bu ma'lumotni rad etgan. Samolyot uchuvchilari katapulta qilingan, ulardan biri samolyot halokat uchragan hududdagi turkman jangchilari tomonidan havodaligidayoq otib tashlangan. Ikkinchisini suriyalik harbiylar hududdan qutqarib olib chiqib ketishga va Xmeymim bazasiga yetkazishga muvaffaq bo‘lishgan.

Bu voqeani Rossiya prezidenti Vladimir Putin "ortdan zarba berish" deya baholadi va shundan so‘ng Rossiya va Turkiya munosabatlari keskin yomonlashdi.

Top