19:29 / 16.05.2016
6435

O‘zbekistonda oziq-ovqat sohasida 2016 yilda 428,7 mln dollarlik 108ta loyiha amaliyoti boshlandi

2016 yilning 13 may kuni Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida  “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tomonidan “Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish - ustuvor vazifa” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zbekoziqovqatxolding” rasmiy saytida xabar qilindi.

Matbuot anjumanida oziq-ovqat siyosatiga bo‘lgan e'tibor samarasi o‘laroq, mamlakatda oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani va mazkur qarordan kelib chiqqan holda, shu paytgacha faoliyat yuritib kelgan O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasiga aylantirilgani eslatib o‘tildi.

Qolaversa, tizim faoliyatiga doir yana 3ta qaror qabul qilingan bo‘lib, ularning ijrosi yuzasidan ijobiy natijalar qayd etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “2016-2020 yillarda xom ashyo bazasini rivojlantirish, meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan jami 596 mln dollar bo‘lgan 180ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Shundan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari hisobiga 74ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunga 163 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar jalb etilishi belgilangan. 

Kompaniya matbuot xizmati ma'lumotlari bo‘yicha, 2016 yilda amalga oshirilishi boshlanayotgan, jami qiymati 428,7 mln dollarlik 108ta loyiha bo‘yicha belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 21ta loyiha bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda, 12ta loyiha bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan yer maydonlari ajratilgan, 22ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda, 23ta loyiha bo‘yicha moliyalashtirish boshlangan, 17ta loyihada uskunalarni tanlash va ularni olib kelish uchun shartnomalar tuzish ishlari amalga oshirilyapti.

Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyati shaklidagi ixtisoslashtirilgan “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi tomonidan joriy yilning 11 may holatiga ko‘ra, respublikada yetishtirilgan 1 million 276 ming tonna ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha xorijiy sheriklar va tayyorlov korxonalari bilan jami 176ta 1 milliard 374 million AQSh dollari qiymatidagi uzoq va qisqa muddatli komissiya shartnomalari imzolanishi ta'minlangani ma'lum qilindi. 

Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, respublikada meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar misolida joriy yilning 10 may xolatiga ko‘ra, respublika buyicha jami 1 million 567 ming tonna meva, sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgani bildirildi. 

Shuningdek, tadbirda “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi korxonalarda eskirgan uskunalarni yangi, zamonaviylari bilan bosqichma-bosqich almashtirish ustida amaliy ishlar olib borilayotgan ma'lum qilindi. Bu esa o‘z navbatida ish unumdorligini oshiribgina qolmay, xom ashyo va yordamchi materiallar sarfini kamaytirish, elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni tejash, mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beradi.

Top