17:10 / 16.05.2016
15071

O‘zMU dotsenti prezidentning universitetni qayta tashkil etish bo‘yicha qaroriga sharh berdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, jurnalistika fakulteti dotsenti Sherzodxon Tojiddinovich Qudratxo‘jayev O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning «O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorini sharhladi.

O‘zbekiston Milliy universtitetining yuqori malakali kadrlar tayyorlash ilmiy salohiyati va sifatini jahon tajribasi asosida mustahkamlash maqsadida 2016 yil 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 2527- sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti negizida Yadro fizikasi institutini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta'limi vazirliklarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining taklifi qabul qilingan.

Qarorda ko‘zda tutilgan asosiy maqsad o‘quv jarayonini ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan aloqasini yanada kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqot ishlariga keng jalb qilish, buning uchun zarur bo‘lgan zamonaviy infratuzilma va ularning moddiy-texnik bazasini yaratishdan iborat.

Mazkur qaror O‘zbekiston Milliy universitetiga quyidagi yangicha talab va vazifalarni qo‘yadi:

- fundamental va gumanitar sohalar uchun zamonaviy talablar asosida yuqori malakali o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar tayyorlash, respublikaning tayanch universiteti maqomida oliy ta'lim dasturini ishlab chiqish va takomillashtirib borish.

- fundamental ilmiy-izlanishlarni muntazam ravishda olib borish, ilmiy maktablarning yuqori texnologik fan yo‘nalishlari bo‘yicha salohiyatini oshirish, ilg‘or xorijiy universitetlar va fan yo‘nalishlaridagi ilmiy markazlar bilan aloqani mustahkamlash;

- yurtimiz oliy ta'lim muassasalarining ilmiy-tarbiyaviy, ilmiy-metodik va ma'naviy-ma'rifiy faoliyatini yo‘naltirish, ta'lim tizimi bosqichlarining uzluksizligini ta'minlash;

- oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqot tashkilotlari mutaxassislarining malakasini amaldagi xalqaro talab va standartlar asosida qayta tayyorlashga doir tizimni takomillashtirish.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Milliy universiteti matematika, tabiiy va gumanitar fanlar yo‘nalishlarida kadrlar yetishtirish bo‘yicha respublika oliy ta'limidagi tayanch oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Yadro fizikasi instituti tugatilib, uning bino va laboratoriyalari, boshqa mulklari O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti ilmiy-o‘quv jarayoni talablaridan kelib chiqqan holda moslashtiriladi.

"O‘zbekiston Milliy universiteti ulkan ilmiy salohiyat va yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibiga ega. Fan va texnika rivoji milliy taraqqiyotning bosh mezoni ekanligini inobatga olgan holda professor-o‘qituvchilar davlatimiz rahbarining ushbu qarorini mamnuniyat bilan kutib oldilar va unda qo‘yilgan asosiy vazifalarni bajarishga, O‘zbekistonning ilm-fan sohasidagi dunyoning yetakchi ilmiy muassasalari orasida munosib o‘rinni egallashiga o‘z hissalarini qo‘shadilar", deyiladi sharhda.

Mavzuga oid
Top