19:01 / 17.05.2016
3536

Domodedovo aeroporti va 2011 yilgi terakt jabrlanuvchilari tovon to‘lash masalasida kelishuv imzolashdi

Domodedovo aeroporti va 2011 yili aeroport hududida sodir etilgan terakt jabrlanuvchilari tovon to‘lash masalasida kelishuv imzolashgan. Bu haqda TASS agentligi jabrlanuvchilarning manfaatlarini himoya qiluvchi advokatga asoslanib xabar berdi.

"Biz hozircha faqat rasmiy kelishuv imzoladik. Fond ro‘yxatga olingach, tovon mablag‘lari advokatlari orqali qurbonlarning oila a'zolariga yetkaziladi", degan manba.

2011 yil 24 yanvarda terrorchi-xudkush aeroport xalqaro terminalining kutish zalida o‘zini portlatib yuborgan, buning oqibatida 37 kishi halok bo‘lib, 172 kishi jarohatlangandi.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, terakt tashkilotchisi "Imarat Kavkaz" yetakchilaridan biri Doku Umarov (2013 yilning sentabrida o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida yo‘q qilingan) bo‘lgan.

2013 yilning noyabrida jinoiy ishlar bo‘yicha Moskva sudi teraktga aloqador bo‘lgan Islom va Ilez Yandiyev, shuningdek Bashir Hamrayevga umrbod qamoq jazosini tayinladi. Yana bir ayblanuvchi Axmed Yevloyev esa 10 yilga qamaldi.

2015 yili Tergov qo‘mitasi Domodedovoning bir qator rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi.

2016 yilning fevralida Domodedovo aeroport majmuasi sobiq direktori Vyacheslav Nekrasov, shuningdek  aeroport egasi Dmitriy Kamenshik qo‘lga olindi.

Top