18:57 / 17.05.2016
37947

Yigitali Mamajonov: “San'atni mashhurlik manfaatidan kelib chiqib tanlamaganman” (Intervyu)

Bugungi kun kino san'atida, asosan, bosh rollar bilan tanilib kelayotgan yosh iste'dodli aktyorlardan bir Yigitali Mamajonov Kun.uz sayti tahririyati mehmoni bo‘ldi. Ochig‘i, Yigitali Mamajonov bilan suhbatlashar ekanmiz, uning qaysi savol yuzasidan bo‘lmasin, teran fikrlashi, o‘ziga xos ijodkorona xarakteri va nozik didi bilan bizda ijobiy taassurot uyg‘otdi. 

Muhimi suhbatimiz davomida uning aytgan hamma gaplari samimiy, astoydil va yurakdan aytildi. Bunga suhbatimizning matn va videotalqindagi shaklini tomosha qilish jarayonida o‘zingiz ham amin bo‘lsangiz ajab emas. 

-  Avvalambor sizni “Oyqiz ertagi” filmidagi rolingiz bilan tabriklaymiz. Ushbu filmdagi rolingiz o‘zingizga ma'qul bo‘ldimi?

-  “Oyqiz ertagi” filmi deyarli istalgan zamon talablariga javob beradi, deb umid qilaman. Film ssenariysi, yo‘nalishi, janri bilan meni o‘ziga tortdi. Unda men Jonboz ismli adolatparvar yigit qahramonini jonlantirdim. O‘z rolimni qay darajada ijro etganimga esa muxlislar baho berishadi. 

-  Filmda siz ijro etgan obraz bugungi kun tomoshabinlariga nima bera oladi, deb o‘ylaysiz? 

-  Agar qahramonimning xarakteriga nisbat beradigan bo‘lsam, u vatanparvar, adolatparvar, mard va jasur jangchi. Otasi harbiylarning boshlig‘i. Inson uchun kerakli bo‘lgan barcha ijobiy fazilatlarni o‘zida jalb qilgan. O‘ylaymanki, bugunning yosh tomoshabini mening qahramonimdan bor ijobiy hislatlarni oladi. 

-  Ushbu filmda jang sahnalarini aktrisa Yulduz Rajabova bilan birgalikda ijro etish sizga qiyinchiliklar tug‘dirmadimi?

-  Yulduz hali ayol aktrisalar qilmagan ishni qildi. Chunki jang sahnasi ko‘rinishidan oson bo‘lishi mumkin, lekin amalda juda mushkul jarayon.   Aniqsa, issiq ob-havo sharoitida jang sahnalarini ishonarli tarzda ijro etish ayol kishi uchun og‘irlik qiladi. Bu esa aktrisaning naqadar sabrli va mahoratli ekanligini belgilaydi. 

-  Bugungi o‘zbek kinosining kamchiliklarini nimada ko‘ryapsiz? 

-  Sababi - yaxshi ssenariylarning yo‘qligida. Aytish mumkinki, bizdagi kabi buyuk tarix hech bir davlatda uchramaydi. Bizdan chiqqan buyuk shaxslar ham ko‘p. Ammo ular haqida film suratga olish esa katta mablag‘ talab qiladi. “Yaxshi ot keyin chopadi”, deganlaridek, biz mustaqil davlatmiz. Hali tarix va buyuk shaxslarimiz haqida dunyoni lol qoldiradigan film olishga yetarli vaqt bor, deb o‘ylayman. Ammo yaxshi ssenariyning yo‘qligi eng katta muammolardan biri bo‘lib kelyapti. Har yili O‘zbekiston davlat san'at institutini 20 nafardan ortiq dramaturg bitirib chiqyapdi. Ammo qani ular? Nimalar bilan band? Ularning ichida biz bilmagan mahoratli dramaturglar bordir? O‘zini ko‘rsatishni istar? Balki ularni qo‘llab- quvvatlash kerakdir? Dramaturglarga, “o‘z dunyoingizda yuravermasdan ochiling, dardingizni chiqaring”, degim keladi. Ba'zi dramaturglar zo‘r ssenariy yozib, ushlab o‘tiradi. Hashaki yoki cho‘ntagi orqali chiqib kelayotgan rejissyorlarga ssenariyni berish kerak emas. Shunday rejissyorlarni bilaman, qo‘lida o‘n-o‘n beshtadan yaxshi ssenariylar bor. Shu ssenariyni hammasi desak yolg‘on bo‘lar, lekin yetti-sakkiztasi zo‘r bo‘lib chiqishi mumkin. Lekin uni bugunning “xontaxta” filmlarini oladigan rejissyorlariga berishdan qo‘rqishadi... 

-  Tasavvur qiling. O‘zingiz kutmagan tarzda omadga duch keldingiz. O‘zingiz kutmagan holda o‘sha omadgacha bo‘lgan kamchiliklarni takrorlashingiz mumkinmi?

-  Bu hayotimizda bo‘layotgan ishlar - kelajak uchun zinapoya. Orqaga qaramasangiz ham sizga eslatib turadi va oldingi bo‘ladigan yaxshi ishlar uchun sizga o‘rnak bo‘ladi. Shunday ekan, hozir mening ham hayotimda yuz berayotgan sinovlar meni omadli va yaxshi kelajak uchun tayyorlayapti, deb o‘ylayman. 

-  Siz shou biznes qonuniyatlariga bo‘ysunasizmi yoki o‘z prinsiplaringizga sodiq qolasizmi?

-  Men haqiqat yo‘q joydan uzoqlashaman. Iloji boricha hamma narsani o‘zimga bog‘liq bo‘lgan jihatlarini qidirib, o‘z qonunim bilan yashashga harakat qilaman. Printsiplarimga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarni esa indamay o‘tkazib yuborishga harakat qilaman. Ammo juda ko‘p o‘tkazib yuborsangiz ham bo‘lmaydi. Ko‘pincha mushkul vaziyatlarda chuqurlashib ketmaslikka harakat qilaman. Yoqimsiz holatni ichki dunyoimga yaqinlashtirmaslikka urinaman. San'at esa men uchun muqaddas! Uni  mashhurlik manfaatidan kelib chiqib tanlamaganman. Maqsadim o‘ynagan kichik rollarim orqali bo‘lsa ham tomoshabinga ma'naviy ozuqa berib, insonlarning dardini ochib berish. Lekin afsuski, hozirgi vaziyatda ayrimlar uchun san'at mashhurlik uchun bir qolip vazifasini o‘taydigan bo‘lib qoldi.  

-  Rejalar maqsad sari yetaklaydi, deyishadi. Siz o‘z oldingizga 10  yoki undan  uzoq yillik rejalar qo‘yganmisiz? 

-  Yo‘q. Men ertangi kunimga tavakkal qilib yashayman. Bugungi kunimni yashaydigan insonman. Bugun sog‘-salomat va baxtli yashashga harakat qilaman. Ertaga bormizmi yo‘qmi, buni Xudo biladi. Shuning uchun oldindan besh, o‘n yil avvaldan reja tuzib qo‘yish, men uchun emas, deb o‘ylayman. O‘n, o‘n besh yillik reja tuzib qo‘yib, bu hayotdan hech narsa qilolmay o‘tib ketsangiz ham to‘g‘ri kelmaydi. 

-  Kinoda siz uchun mos juft kim, deb hisoblaysiz?

-  Aslida men partnyor tanlamayman. Orasi ochiq, qalban chin fikrlaydigan insonlar bilan oson chiqishib ketaman. Yulduz Rajabova, Asal Shodiyevalar bilan  yaxshi ijod qilganmiz. 
 

Suhbatning davomi videotalqinda: 

•  Omadining sirlari nimada?
•  Shaxsiy hayoti haqida nima deydi? 
•  O‘ziga qilingan adolatsizlikni kechirishga qay darajada qodir?  
•  Mashhurligi yordam bergan paytlar...
•  Yigitali qanday aldaydi? 
•  Yigitalining fikricha, “o‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Hammasi yaxshilikka!” 
•  Yigitali: «Men g‘ururim toptalishini bilganman. G‘ururimdan kechib bo‘lsa ham mayli, shu inson uchun qadam qo‘ygan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin... »
Saytimiz va “yutub”dagi kanalimiz orqali tomosha qiling! 


Sarvar Anvar o‘g‘li suhbatlashdi

Top