08:15 / 17.05.2016
4793

Osiyoda "Yevrovideniye" muqobili paydo bo‘lishi mumkin

Osiyoda "Yevrovideniye" musiqiy tanlovining muqobili "Yevrovideniye Osiyo" tanlovi paydo bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Bu loyiha Avstraliyaning SBS telekompaniyasi tomonidan muhokama qilinmoqda.

Telekompaniya ijrochi direktori Maykl Ebeyd The Sydney Morning Herald gazetasiga bergan intervyusida bu g‘oya Stokgolmda bo‘lib o‘tgan tanlovda Avstraliya vakili Demi Im 2-o‘rinni egallagandan keyin paydo bo‘lganini aytdi.

Ebeydning aytishicha, SBS bu taklifini Hindiston, Xitoy va Janubiy Koreyaning yirik telekompaniyalariga ma'lum qilgan va ular bunga katta qiziqish bildirishgan.

"Biz bunda Yevropa formatini, jumladan g‘olibni aniqlash uchun ovoz berish mexanizmini ham asos qilib olamiz. Umid qilamizki, kelajakda "Yevrovideniye Osiyo" g‘olibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Yevrovideniye" finalida ishtirok etish imkoniyatini oladi", deb aytdi Ebeyd.

SBS telekompaniyasi "Yevrovideniye" tanlovini 1983 yildan beri namoyish qilib keladi, bu orada esa Avstraliya vakillari bu tanlovda 2015 yildan boshlabgina ishtirok etishni boshlashdi. 2015 yilda Venada o‘tgan tanlovda avstraliyalik qo‘shiqchi Gay Sebastian 5-o‘rin egallagandi. Demi Im Stokgolmda muvaffaqiyatga erishganiga qaramasdan, Avstraliya 2017 yildagi tanlovga taklif olishi bo‘yicha hozircha qaror qabul qilinmadi.

Top