14:31 / 17.05.2016
3702

Useyn Bolt 2016 yildagi ilk rasmiy turnirida jarohat oldi

Kayman orollarida yengil atletika bo‘yicha turnir doirasida 100 m masofaga yugirish bahslari vaqtida Yamayka vakili Useyn Bolt jarohat oldi. Bu haqda uning murabbiyi Glen Millisga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Kayman orollaridagi musobaqa 14 may kuni start olgan. Bolt 100 m masofaga yugurish bo‘yicha g‘olib chiqqan. Bu uning 2016 yildagi ilk rasmiy turniri bo‘ldi. Murabbiyning aytishicha, sprinter ayni vaqtda tizza qismida og‘riq sezmoqda.

Mutaxassisning qayd etishicha, bu jarohat og‘ir emas va sportchi Braziliyadagi olimpiadada ishtirok eta oladi.

Yaqin kunlarda Bolt Germaniyaga, davolanish kurslaridan o‘tish uchun kelishi kutilmoqda. 30 iyun kuni u Yamayka terma jamoasiga borib qo‘shiladi va 3 iyulgacha Kingstondagi mashg‘ulot bazasida bo‘ladi.

Bolt 2008 va 2012 yillarda Pekin hamda London shaharlarida o‘tkazilgan olimpiadalarda jami 6ta oltin medal (3 xil masofa) olgan. 2015 yilgi jahon chempionatida u 3ta oltin medal olib, 11 karra jahon chempioniga aylandi hamda yengil atletika sporti tarixidagi eng yaxshi natijani o‘rnatdi.

Bolt 100 metr masofaga (9,58 sekund) va 200 metr masofaga (19,19 sekund) yugurish bo‘yicha amaldagi rekordchi hisoblanadi. Yamayka terma jamoasi ham uning ishtirokida London olimpiadasi vaqtida 4x100 estafetada 36,84 sekundlik natija qayd etib, rekord o‘rnatgan.

Rio-de-Janeyro olimpiadasi 5 avgustdan 21 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Top