21:07 / 18.05.2016
5558

Chelyabinskda 1 sinf o‘quvchisi 229 ming rublni o‘z tengdoshlariga tarqatib yubordi

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi Kishtim shaharchasi politsiyasi 1 sinf o‘quvchisining sinfdoshlariga tarqatib yuborgan 229 ming rubl miqdoridagi pulini qaytarishda bolaning ota-onasiga yordam ko‘rsatmoqda.

Qayd etilishicha, shaharda yashovchilardan biri politsiyaga 7 yoshli o‘g‘li tomonidan oilaviy byudjyetga tegishli bo‘lgan katta miqdordagi pulning ko‘chadagi bolalarga tarqatib yuborilgani haqida ariza bilan murojaat qilgan. Avtomobil sotuvidan tushgan bu pullar tortmaga yashirilib qo‘yilgan bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bola pullarni topib olgan va ming rubl pulni olib do‘kondan yeguliklar xarid qilgan. Keyin u yana qaytib kelib, avvalgidan ancha ko‘p pulni olgan va hovlida o‘ynab yurgan bolalarga tarqatgan. U qo‘lida pul bilan qo‘lga tushib jazolanishdan qo‘rqqan va ortib qolgan pulni yaqin hududdagi botqoqqa tashlagan. Uning onasi uyga qaytib, 230 ming rubl yo‘qligini bilgan.

Shundan keyin, politsiya shahardagi do‘konlarda sotuvchilardan yaqin kunlar ichida 1000 va 5000 rubllik qog‘oz pullar bilan kelgan yosh bolalar haqida ma'lumotlar so‘ramoqda.

«Kyshtymskiy rabochiy» nashri orqali aholidan ham shunday miqdordagi kupyuralar ko‘tarib yurgan bolalar uchraganida huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish so‘ralgan.

Top