11:42 / 19.05.2016
6473

Londonning sobiq meri Erdo‘g‘anni haqoratlovchi she'rlar tanlovida g‘olib chiqdi

Buyuk Britaniyadagi The Spectator jurnali Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an sha'niga haqoratlovchi so‘zlar bitilgan she'rlar tanlovi yakunlarini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, London shahrining sobiq meri bo‘lmish Boris Jonson g‘olib chiqqan.

Tanlov g‘olibi uchun berilgan 1000 funt miqdoridagi mukofot pulini u xayriya qilgan.

Sky News telekanalida qayd etilishicha, Jonson shveysariyaliklarning Die Weltwoche nashriga bergan intervyusida Erdo‘g‘anning xatti-harakatlarini Yevropadagi istalgan kishi tanqid qila olishi mumkinligini ta'kidlagan.

"Erdo‘g‘an Turkiyada o‘z muxolifatlarini qamoqqa tashlashi mumkin. Kantsler Merkel Germaniyada Erdo‘g‘anni tanqid qiluvchilarni ozodlikdan mahrum etishi mumkin. Lekin Buyuk Britaniyada hur fikrlilik yashashda davom etmoqda. Bizga nima qilishni va nimani gapirishni o‘rgatadigan hukmdorlar kerak emas. Bizga nima uchun kulish mumkinligini hal qilib beradigan sud hakamlari, ayniqsa germaniyalik hakamlar kerak emas", deyiladi jurnal xabarida.

The Spectator jurnali Germaniyada Turkiya rahbari Erdo‘g‘anni haqorat qiluvchi she'r bitgan teleboshlovchi Yan Bemermanning tergov qilinishi voqealari fonida turkiyaliklar yetakchisini haqoratlovchi she'rlar tanlovini e'lon qilgandi. Bemerman shu yilning martida ZDF telekanalidagi Neo Magazin Royale ko‘rsatuvi orqali Erdo‘g‘anni haqoratlovchi she'r o‘qigandi. Uning she'rida Erdo‘g‘an Turkiyadagi kurdlar va qochoqlarga ayricha munosabatda bo‘lishi, muxolifatini va jurnalistlarni qamash bilan mashg‘ulligi kinoyali tarzda keltirilgandi.

11 aprel kuni Erdo‘g‘an bu jurnalistga nisbatan jinoiy ish ochishni talab qilgani haqidagi xabar Germaniya hukumati vakili Shteffen Zaybert tomonidan tasdiqlandi.

Turkiya yetakchisi 9 may kuni jurnalistni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Axel Springer konserni rahbarini sudga berdi.

Ko‘p o‘tmasdan Germaniya sudi Erdo‘g‘onning Axel Springer bosh direktoriga nisbatan da'vosini rad qildi.

Top