13:58 / 20.05.2016
10128

Eksperimental davolash usuli birinchi marta OIV (odam immuniteti virusi)ni mag‘lub etdi

Templ universitetida faoliyat yurituvchi Kamol Haliliy boshchiligidagi molekulyar biologlar guruhi CRISPR/Cas9 genlarini tahrirlash texnologiyasi yordamida birinchi marta OIVga tegishli DNK segmentini tirik hayvonlar genomidan kesib tashlashga muvaffaq bo‘lishdi. Tadqiqot natijalari Gene Therapy jurnalida nashr qilindi. Matbuot relizi universitet saytida chop etilgan

Olimlar o‘zlarining avvalgi tadqiqotlarida CRISPR/Cas9 tizimi egasining genom hujayrasiga kiritilgan virus genlarini salbiy oqibatlarsiz yo‘q qila olishini ko‘rsatib berishgan. Biroq sinovlar OIV bilan kasallangan mijozlardan olingan hujayralar doirasida o‘tkazilgan va bu usulning tirik organizmda ishlashiga hanuz isbot yo‘q. 

So‘nggi tadqiqotda biologlar genni tahrirlash texnologiyasi har bir organining har bir hujayrasiga virus kiritilgan transgen kalamush va sichqonlar organizmidan OIVni yo‘q qila oladimi yoki yo‘qligini tekshirishdi. Hayvonlarga virus genlarini yo‘q qilishga qaratilgan CRISPR tizimini kiritish uchun olimlar adenovirusli vektor - zarur nukleotid ketma-ketlik hamda Cas oqsili genlarini o‘zida mujassam qilgan molekulani qo‘llashdi.

Tadqiqot boshlanganidan ikki hafta o‘tib tadqiqotchilar hayvonlar genomini tahlil qilishdi. OIV maqsadli segmenti har bir to‘qima, shu jumladan bosh miya, buyrak, jigar, o‘pka,  taloq va qon hujayralari DNKsidan kesib tashlangan edi.  Virusli RNK tahlili limfotsitlar, shuningdek limfa tugunlarida uning keskin kamayganini ko‘rsatdi. 

OIVni davolash odatda virus ko‘payishining oldini oladigan, biroq ularni zararlangan hujayralardan yo‘qotish imkoniga ega bo‘lmagan antiretrovirus dori vositalari yordamida amalga oshiriladi. OIV immun tizimi hujayralariga o‘z genlarini biriktira oladi va ularni o‘z nusxalarini yaratishga majbur qiladi.

Top