18:30 / 20.05.2016
6587

Xose Mariya Mendez: "O‘zbekiston xalqi biz bilan faxrlanishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajaramiz"

Bugun tongda Kolumbiyaning Medelin shahrida futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga qur'a tashlandi. Unga ko‘ra, terma jamoamiz "A" guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Panama terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Marosimdan keyin mikst zonada terma jamoamiz bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez qur'a haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Guruhimizni turnirdagi eng qiyini deb bo‘lmaydi. Ikkinchi qiyin to‘rtlik desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Biz Kolumbiyaga qarshi o‘ynaymiz va ularning saviyasi yuqori ekanligini alohida e'tirof etish darkor. Jamoa o‘tgan mundialda yarim finalgacha yetib borganini yodda tutishimiz kerak. Portugaliya esa Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Panama ham oson taslim bo‘ladiganlardan emas. Ular jismonan juda kuchli. Guruhimizda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Birinchi o‘yinimiz Panama bilan, shu sababli ushbu bahsga ko‘proq e'tibor qaratamiz. Agar Portugaliya va Kolumbiya terma jamoalari bilan yaxshi o‘yin ko‘rsata olsak keyingi bosqichga chiqishimiz mumkin.

O‘zbekiston xalqi biz bilan faxrlanishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajaramiz," - deydi, Mendez.

Top