11:43 / 20.05.2016
6187

Qozog‘istonda yirik ijtimoiy tarmoq va messenjerlar vaqtincha o‘chirib qo‘yildi

Toshkent vaqti bilan soat tunggi 02:00 dan boshlab Qozog‘istonda bir qancha yirik ijtimoiy tarmoq va messenjerlar, jumladan, Facebook, Twitter, «VKontakte», WhatsApp, Viber va YouTube ishlamay qoldi. Telegram bir ishlab, bir ishlamay turdi. Bu haqda Olma-ota aholisi ma'lum qilgan.

Voqea sababiga aniqlik kiritilmagan. Ammo buni 21 may kuni Qozog‘istonda yer islohotlari yuzasidan o‘tadigan miting bilan bog‘lashmoqda.

Mahalliy aholi vakilidan birining guvohlik berishicha, Toshkent vaqti bilan 02:00 dan 03:00 gacha Instagram va «Moy mir» platformalari ishlashdan to‘xtagan. Keyingi soatlarda esa Olma-Otada internetning o‘zi umuman ishlamay qolgan. Qozog‘iston poytaxti Ostonada esa, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar ishlashdan to‘xtagan. Ayrim saytlarga mobil ilova orqaligina kirishning imkoni bo‘lgan.

So‘nggi oylarda 21 may kuni yer islohotlari yuzasidan o‘tadigan miting haqidagi ma'lumotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib etilayotgan edi.

Top