11:17 / 22.05.2016
3441

Mircha Luchesku "Shaxtyor" bosh murabbiyligidan ketdi

Ruminiyalik tajribali mutaxassis Mircha Luchesku Donetskning "Shaxtyor" jamoasi bosh murabbiyligini tark etdi. Bu haqda jamoa rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Ukraina Kubogi finali 70 yoshli bu murabbiy uchun "Shaxtyor" boshqaruvidagi oxirgi uchrashuv bo‘lib qoldi. Bu final bahsida donetskliklar "Zarya"ni 2:0 hisobida mag‘lub etishdi va 10 karra Ukraina Kubogi sohibiga aylanishdi.

"Shaxtyor" jamoasi Misterga uzoq yillik hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiradi. "Shaxtyor" Mircha Lucheskuga kelgusi faoliyatida zafarlar tilaydi. Bu tilaklar "Shaxtyor"ning millionlab muxlislari nomidan ham", deyilgan xabarda.

Mircha Lucheskuning "Shaxtyor" bilan shartnomasi joriy mavsum oxiriga qadar tuzilgandi. Ushbu mutaxassis jamoani 2004 yildan buyon boshqarib kelmoqda edi. Uning rahbarligida donetskliklar jamoasi 8 marta Ukraina chempioni, 6 marta Ukraina Kubogi sohibi, 6 marta Ukraina Superkubogi egasi bo‘ldi. Shuningdek, jamoa 2009 yili UYeFA Kubogi finalida g‘olib chiqqan.

Bundan oldinroq, ushbu murabbiy "Zenit"da ish boshlashi haqida xabarlar tarqalgandi.

Top