11:04 / 22.05.2016
29911

Toshkentda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan tasdiqlangan “2016 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi” doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 2016 yilning 22-23 may kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tmoqda.

Mehnat yarmarkasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, shahar hokimligi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB va “Kamolot” YoIH hamkorligida o‘tkazilmoqda. 

Yarmarkaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Mehnat vaziri A. Abduxakimov, 2 kun davom etadigan mazkur yarmarkada Toshkent shahrining muvoffaqiyatli faoliyat yuritayotgan 400dan ortiq korxona va tashkilotlari o‘zlarining 6000ga yaqin bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etishi xaqida aytib o‘tdi. Taklif etiladigan ish o‘rinlarining aksariyat qismida oylik ish haqi 700 ming so‘mdan ortiq bo‘lib, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha 1,3-1,5 mln. so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi tijorat banklarining 60dan ziyod filiallari o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tayyorlangan sodda va qulay biznes rejalari hamda imtiyozli kredit paketlari bilan qatnashadi.

Eng e'tiborlisi shundaki, tijorat banklari tomonidan biznes yo‘nalishida, ayniqsa kollejni bittirganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga 1,5 yil muddatga 6,5 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda beriladigan va garov talab etilmaydigan 3 foizli mikrokreditlar albatta ko‘pchilikning qiziqishiga sazovor bo‘ladi. Shu bilan birga, 3 yil muddatga 26 mln so‘mgacha yillik 9 foizli kreditlarni olish imkoniyatlaridan ham foydalanish mumkin.

Anjumanda qatnashayotgan tijorat banklaridan bu masalada barcha batafsil ma'lumotlarni olish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratib berildi.

Tadbirda yig‘ilganlar birgina 2015 yilda O‘zbekistonda 980 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil qilingan bo‘lib, shuning 60 foizdan ziyodi qishloq joylarda yaratilgani, kollejlarning 480 mingdan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta'minlaniga alohida urg‘u berishdi. 

Yarmarkada vakant ish o‘rinlariga ega korxona va tashkilotlar o‘z faoliyati haqida batafsil ma'lumot beruvchi ko‘rgazmali stendlari, tarqatma materiallarini ishtirokchilar e'tiboriga havola etishdi.

Bundan tashqari, yarmarkaga tashrif buyurgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan aholi Mehnat vazirligi va vazirlik hududiy boshqarmalarining mutaxassislaridan fuqarolarning ish bilan ta'minlanishi hamda mehnat muhofazasiga oid amaldagi qonunchilik yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Top