15:34 / 23.05.2016
4920

Daily Mail: Van Gaal iste'foga chiqarildi

Niderlandiyalik mutaxassic Lui van Gaal "Manchester Yunayted" jamoasi bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarildi. Bu haqda Daily Mail xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, jamoa rahbariyati vakili Ed Vudvord jamoaning mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan "Karrington" stadioniga kelib, van Gaal bilan gaplashgan va unga shu haqida ma'lum qilgan.

Uning o‘rnini portugaliyalik Joze Mourino egallashi kutilmoqda.

Bundan oldingi xabarlarda Mourinoning 24 may kuni manchesterliklar jamoasi yangi bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi haqida xabar berilgandi. 

Mourino bilan 5 yillik bitim tuzilgani va murabbiy bu bitimga ko‘ra jami 75 million funt sterlin miqdorida maosh olishi aytilgan. 

Shuningdek, unga yozgi transferlar vaqtida tarkibni kuchaytirish uchun 200 million yevro beriladi.

64 yoshli van Gaal "MYu"ni 2014 yilning mayidan buyon boshqarib kelmoqda. U bilan shartnoma muddati 2017 yilning yoziga qadar tuzilgandi.

Ikki kun oldin u jamoa bilan Angliya Kubogi finalida zafar quchgandi. Lekin u o‘sha kuni muxbirlardan birining o‘z kelajagi xususida bergan savoliga "barchasi tugagani" haqida aytgandi.

Uning murabbiyligining birinchi yilida "Manchester Yunayted" mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi va YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Lekin jamoa YeChLni guruh bosqichida yakunladi. "Volfsburg", TsSKA va PSV  jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan "MYu" uchinchi o‘rinni egalladi va Yevropa Ligasida kurashni davom ettirdi. Bu turnirdagi ishtirok "Midtyulland" to‘sig‘idan o‘tish va keyingi bosqichda "Liverpul"dan ortda qolish bilan yakunlandi.

APLda esa jamoa beshinchi o‘rinni egalladi va keyingi mavsumda YeChLda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.

Top