18:27 / 23.05.2016
6377

Fukusima fojiasi: 5 yildan keyin

Yaponiyaning Fukusima prefekturasida Iidate Village mahalliy boshqarmasining old qismida radiatsiyani o‘lchaydigan katta uskuna turibdi. Uning panelida qizil rangli yozuv yonib turibdi: 0,38 mkZv / soat.

Uskuna 2011 yilning martida dahshatli sunami bosh ko‘targan Fukusimadan 40 kilometr masofada joylashgan.

Fizik Yoichi Tao displeyga qarab "Bu judayam past ko‘rsatkich" deb ma'yus jilmaydi.

"Bu o‘lchagichni o‘zimiz o‘rnatamiz", dedi u.

"Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, radiatsiya kuchi sakkizdan o‘ngacha bo‘lganini ko‘rsatgan".

Tao yapon hukumatining "vaziyat to‘liq nazorat ostida" hamda "atrof-muhitga radioaktiv suvning ta'siri butkul bloklangan" kabi rasmiy ma'lumotlariga qo‘shilmaydi. 

Tao bunga shubha qilgan va u kabi o‘ylovchilar ko‘plab topiladi, chunki mahalliy aholi orasida radioaktiv kasalliklar bilan og‘riganlar anchagina, ularning ba'zilari yordam so‘rab kimga murojaat qilishni ham bilishmaydi.

Bu yil Fukusimadagi yadroviy falokatga besh yil, Chernobildagi avariyaga esa 30 yil to‘ladi. Chernobilda o‘tgan yillar mobaynida turli tadqiqotlar va tadbirlar o‘tkazildi. Fukusimada esa ko‘p narsa yopiqligicha qoldi.

Fukusimadagi yadroviy avariyaning natijalarini to‘liq bartaraf qilish uchun necha yil kerak bo‘ladi? Atrof-muhitga aniq qanday ta'sir o‘tkazgan? Qayta faollashtirish jarayonida qanday yutuqlarga erishildi? Yadroviy chiqindilarni qanday qilib yo‘q qilish mumkin?

Bu savollarga butun dunyo ekspertlari bir xil javob qaytarishadi: "Yetarlicha ma'lumotlarga ega emasligimiz sabab aniq javob berish qiyin".

Okeanografiya instituti katta ilmiy xodimi Ken Byusslerning so‘zlariga ko‘ra, yapon hukumati omma bilan yaxshi ish olib bormagan.

"Xalq radiatsion zarar hamda uning sog‘liqqa ta'siri haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi uchun bu ma'lumotlarga oydinlik kiritish kerak", deya taklif kiritdi u. 

2011 yildan beri Fukusimadagi yadroviy avariyaning dengiz muhitiga ta'sirini o‘rganuvchi ekspert radioaktiv moddaning 80 foizi dengizga kelib tushgani bois uning ta'siri juda kuchli bo‘lganini ta'kidladi. 

Shunday bo‘lsada, yapon hukumati "hammasi joyida, vaziyat to‘liq nazorat ostida" degan javobda qat'iy turdi. 

Butun dunyo kuzatuvchilari yapon hukumatining vaziyatni yumshatishga harakat qilganini ta'kidlashmoqda. Bunday davom etadigan bo‘lsa, 2020 yilda Tokioda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Olimpiya o‘yinlari xavfsizligi muammosi yuzaga keladi. Shu munosabat xalqaro ekspertlar yapon hukumatidan falokatga doir aniq ma'lumotlarni taqdim etishni talab qilmoqda.

Top