08:10 / 23.05.2016
6726

Ispaniya kubogi finali: «Barselona» qo‘shimcha bo‘limlarda «Sevilya»ni yengdi

«Barselona» Madriddagi «Visente Kalderon» stadionida kechgan Ispaniya Kubogi finalida «Sevilya» bilan uchrashdi. O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tildi. Qo‘shimcha bo‘limlarda urilgan 2ta gol katalonlar jamoasiga mavsumni «oltin dubl» bilan yakunlash imkonini berdi. 

O‘yinning 36-daqiqasida «Barselona» bir kishi kam bo‘lib qoldi. Darvozabon yetkazib bergan uzatmani «Sevilya» futbolchilaridan biri bosh bilan qaytarishi natijasida Gameyro darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida Maskerano uni formasidan tortib yiqitdi. Hakam Xaverga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. 

Ikkinchi bo‘limni «Sevilya» faol boshladi. «Barselona» raqibning to‘pni nazorat qilishiga qo‘yib berib, o‘zi himoyaga o‘tdi. 50-daqiqada Banega kutilmaganda jarima maydonchasi tashqarisidan zarba yo‘lladi. To‘p Pikening oyog‘idan o‘z yo‘nalishini biroz o‘zgartirdi va ustunga tegib qaytdi.

Ikkinchi 45 daqiqalikda kataloniyaliklar to‘liq himoyalanishdi, ustunlik andalusiyaliklar tomonida bo‘ldi. Ular yaratilgan bir nechta imkoniyatlardan foydalana olishmadi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa "ko‘k-anorranglilar" qarshi hujum tashkil qilishdi va maydondagi futbolchilar sonini tenglashtirishdi. Messining uzatmasidan keyin Neymar birga-bir vaziyatga chiqayotganida Ever Banega braziliyalik hujumchini ortdan tepib yiqitdi va qizil kartochka oldi. 

97-daqiqada Hordi Alba hisobni ochuvchi gol muallifi bo‘ldi. 121-daqiqada esa Daniel Karrisu «Sevilya»ning 9 kishi bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmasdan Neymar ikkinchi golni urdi. 

Shu tariqa, «Barselona» Ispaniya chempionligidan keyin mamlakat kubogini ham o‘ziniki qilib oldi.

Ma'lumot uchun, «Barselona» Ispaniya Kubogini eng ko‘p — 28 marta qo‘lga kiritgan. Bu ko‘rsatkich Bilbaoning «Atletik» klubida 23 tani, Madridning «Real»ida 19, «Atletiko»sida esa 10 tani tashkil qiladi. «Sevilya» esa Ispaniya Kubogida 5 marta g‘olib bo‘lgan. 

Ispaniya Kubogi
FINAL
22 may, yakshanba

«Barselona» — «Sevilya» 2:0
Gollar: 1:0 – 97 Alba, 2:0 — 120+2 Neymar
Barselona – ter Shtegen, Pike, Alba, Dani Alves, Buskets, Rakitich (Mate, 46), Maskerano, Inesta, Neymar, Messi, Suares (Rafinya, 57).
Sevilya – Riko, Koke, Rami, Eskudero, Karrisu, Banega, Iborra (Lorente, 105), Vitolo, Kryxovyak, Mariano (Konoplyanka, 80), Gameyro.
Ogohlantirishlar: Rami (73), Vitolo (75), Alba (87), Neymar (89), Inesta (90), Dani Alves (90), Iborra (90), Kryxovyak (92), Konoplyanka (102), Eskudero (104), Gameyro (114).
Chetlatishlar: Maskerano (36), Banega (90), Karrisu (120+1)

Top