16:44 / 24.05.2016
5141

Eminem bolaligi o‘tgan uy g‘ishtlarining savdosini tashkil etdi

Dunyoga mashhur reper Eminem "The Marshall Mathers LP" albomining 16 yilligi munosabati bilan antiqa ishga qo‘l urdi. U bolalikdagi uyining g‘ishtlarini sotuvga qo‘ydi, deb yozmoqda Pitchfork.

Eminem uyining surati, reperning "The Marshall Mathers LP" va "The Marshall Mathers LP 2" albomlari old sahifasiga qo‘yilgan edi. 2013 yili bino xavfsizlik me'yorlariga javob bermasligi sababidan buzilgandi. Buning natijasida qo‘lga kiritilgan 700 dona g‘isht maxsus idishlarga yaxshilab joylangan. Ularning har biri haqiqiyligini tasdiqlovchi sertifikat hamda musiqachining imzosiga ega. 

G‘ishtli to‘plam 313 dollar bo‘lib, unga g‘isht, maxsus idish va The Marshall Mathers LP ning audiokassetasi kiradi. 

Umuman, reper uyiga tegishli narsalardan faqatgina g‘ishtlar sotildi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Uyni barpo etishda qo‘llanilgan yog‘ochlar ham sotilgan. Undan kolleksionerlar uchun jyetonlar yasalgan bo‘lib, xohlagan kishi 42 dollar evaziga jyeton sohibiga aylanishi mumkin. 

Musiqachining o‘zi, ushbu savdolardan tushgan mablag‘larning bir qismini tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan ishlaydigan notijorat tashkilotlariga moliyaviy ko‘mak beruvchi Marshall Mathers Foundation (jamg‘arma) hisobiga o‘tkazishini ma'lum qilmoqda.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.

Top