11:41 / 25.05.2016
4114

Britaniyalik deputatlar Kemeronni iste'foga chiqarishmoqchi

Buyuk Britaniya parlamentidagi Konservativlar partiyasining o‘nlab a'zolari mamlakat bosh vaziri Devid Kemeronni iste'foga chiqarish bilan tahdid qilishmoqda, deb yozadi Daily Mail. 

Ma'lum qilinishicha, parlament a'zolarini Kemeronning Britaniyada Yevroittifoqdan chiqish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarga doir so‘nggi murojaati g‘azablantirdi. Yevropa Ittifoqiga a'zolikni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan siyosatchi o‘z nutqida Britaniyaning blokdan tashqarida "o‘zini o‘zi yo‘q qilishi" haqida gapirdi. 

Uning baholashicha, YeIdan chiqish oqibatida mamlakat tanazzulga yuz tutadi, bu esa 820 ming ishchi o‘rinlarining yo‘qolishi, ikki yil ichida yalpi ichki mahsulotning 6 foizga pasayishi, o‘rtacha daromadning 4 foizga kamayishi, funt qiymatining tushishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi.

Parlamentning aksariyat vakillari bu nutq ataylab chalg‘itish uchun tayyorlangan deb hisoblashmoqda. Bundan tashqari ularning ta'kidlashicha, atigi yarim yil avval Kemeron Britaniya "hech qanday shubhasiz" Yevroittifoq doirasidan tashqarida ham kun kechira olishini aytgandi.

Kemeronning mazkur chiqishidan so‘ng hukmron partiyaning yetakchi a'zolari uning bosh vazir lavozimidan ketish muddatini aytishi kerakligini bildirishdi. Shuningdek ular 23 iyundagi referendumdan keyin, uning natijalari qanday bo‘lishidan qat'i nazar, ishonchsizlik votumiga oid ovozga qo‘yish jarayonini o‘tkazishmoqchi.

Top