10:55 / 25.05.2016
9837

"Tolibon"ning yangi yetakchisi nomi e'lon qilindi

"Tolibon" harakati o‘z yetakchisi mulla Axtar Muhammad Mansurning o‘limidan keyin uning o‘rnini Mavlaviy Haybatulla Oxunzoda egallagani haqida ma'lum qildi.

BBC News ma'lumotiga ko‘ra, Oxunzoda mulla Mansurning yaqin kishilaridan edi.

U Qandahordagi jangarilarga boshchilik qilgan va tolibonlar uni diniy rahnamo sifatida ham hurmat qilishadi.

"Haqqoniy tarmog‘i" yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy va tashkilot asoschisi mulla Umarning o‘g‘li Muhammad Yoqub esa yangi rahbarning o‘rinbosarlariga aylangan.

21 may kuni mulla Axtar Muhammad Mansur Pokistonning Ahmad-Vali shahridan janubi-g‘arbda avtomobilda harakatlanayotganida amerikalik harbiylar tomonidan bir yo‘la bir necha uchuvchisiz qurilma vositasida o‘tkazilgan amaliyot natijasida yo‘q qilingandi.

Axtar Muhammad Mansur 2015 yilning iyulida, "Tolibon"ning avvalgi yetakchisi Muhammad Umar 2013 yildayoq halok bo‘lgani haqidagi ma'lumot oshkor bo‘lganidan keyin uning o‘rnini egallagandi.

Mulla Mansurning o‘rniga tashkilotning yangi rahbari bo‘lishga da'vogarlar qatorida mulla Barodar hamda Sirojiddin Haqqoniy nomlari keltirilgandi.

Top