15:09 / 01.06.2016
5582

Erdo‘g‘an Turkiya fuqarolarini oilani rejalashtirmaslikka da'vat etmoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda vatandoshlarini aholi sonini ko‘paytirishga chaqirdi.  

“Homiladorlikdan saqlovchi vositalar hamda oilani rejalashtirish – musulmon oilalar uchun emas. Biz avlodlarimiz sonini ko‘paytiramiz. Bizga oilani rejalashtirish, tug‘ilishlar sonini nazorat qilish haqida gapirishadi... Musulmon oilalar uchun bunday mentalitet to‘g‘ri kelmaydi. Biz Alloh buyurgan yo‘ldan yuramiz va Payg‘ambarimiz maslahatlariga amal qilamiz”, - dedi u. 

Turkiya rahbarining aytishicha, so‘nggi bir necha yillarda 1,3 foiz nisbatda ko‘payib borayotgan aholi sonini orttirish mas'uliyati asosan onalar zimmasiga yuklanadi.

Bu prezidentning mazkur mazmundagi birinchi da'vosi emas. Avvalroq u har bir ayol kamida uch farzand ko‘rishi lozimligini bildirgan va homiladorlikdan saqlanish vositalarini vatanga xiyonat bilan tenglashtirgan. 

Erdo‘g‘anning ayollar erkaklar bilan teng emasligi to‘g‘risidagi yana bir e'loni turkiyalik faol ayollarning g‘azabini qo‘zg‘atgandi. Prezident abortlar va homiladorlikdan saqlovchi tezkor vositalar huquqini chegaralash taklifini ham kiritgan. 

Erdo‘g‘an va uning turmush o‘rtog‘i Emine ikki o‘g‘il va ikki qizning ota-onasi. Yaqinda prezidentning kichik qizi Sumaya hamda sanoat sohasi ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biri Seljuk Bayroqdor bilan nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan. Amaldorning katta qizi Esra esa energiya vaziri Berat Albayroqqa turmushga chiqqan, ularning uch farzandi bor. 

Statistika byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya aholisi o‘tgan yili 78,741 millionga yetgan. 2000 yili esa bu ko‘rsatkich 68 million edi.

Top