14:27 / 01.06.2016
5603

«Oq-tepa» O‘zbekiston Birinchiligidan chetlatildi

«Oq-tepa» 1-liga jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Birinchiligi musobaqasi bilan xayrlashdi.

«Jamoamiz bugun mazkur masala yuzasidan O‘FFga rasmiy xat orqali murojaat bilan chiqdi. Xatda chempionatdagi ishtirok to‘xtatilishining asl sabablari batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Aytish kerak, garchi «Oq-tepa» 1-ligadagi ishtirokini yakunlagan bo‘lsa-da, klub sifatida faoliyatini to‘xtatgani yo‘q», deyiladi jamoa matbuot xizmati xabarida.

PFL saytida jamoaning chetlatilishiga izoh berilgan.

O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroqo‘mi qaroriga ko‘ra, «Oqtepa» klubi moliyaviy muammolar, shuningdek, musobaqada ishtirok etish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan badal pullarini belgilangan muddatda to‘lay olmagani, tibbiy ko‘rik hamda jarima sanksiyalari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzlarni to‘lay olmagani tufayli O‘zbekiston Birinchiligi-2016 ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqarilgan.

Mazkur qaror 2016 yilgi musobaqa reglamenti, Tartib-intizom kodeksining 5-modda, 1-bo‘lim, 5.33 punktiga asosan qabul qilingan.

«Oq-tepa» klubi 2016 yilgi musobaqa reglamentiga asosan, ushbu mavsumda belgilangan o‘yinlarning yarmini ham o‘tkazmagani bois, uning ishtirokidagi mavsumdagi barcha o‘yin hisoblari bekor qilingan. Ogohlantirishlar hamda chetlatishlar o‘z kuchida qolgan.

Eslatib o‘tamiz, «Oq-tepa» klubi o‘zbek futboli muxlislari orasida jamoa direktori G‘anisher Shog‘ulomov o‘tgan yil kuzida «Sport» telekanalining «Sokker klub» ko‘rsatuvida kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq illatlar haqida gapirib o‘tganidan keyin yanada tanilgandi.

Keyinroq, 2016 yil boshida «Sokker klub» ko‘rsatuvi o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Top