21:32 / 01.06.2016
4679

Putin va Infantino 2018 yilgi JCh uchun volontyorlik dasturiga start berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va FIFA rahbari Janni Infantino 2018 yilgi jahon chempionati uchun ko‘ngillilar jalb etish kampaniyasini boshlab berdi. Bu haqda «Chempionat» nashri xabar tarqatgan.

Bugun Moskva shahridagi «Zelyonom teatre» binosida maxsus marosim bo‘lib o‘tgan. Unda Putin va Infantinodan tashqari, sobiq futbolchilar Karles Puyol va Rinat Dasayev ham ishtirok etib, ramziy to‘pga imzolarini qoldirishgan. Bu to‘p keyinchalik ko‘ngillilarga topshiriladi.

Volontyorlik dasturi doirasida 2017 yili Konfederatsiya Kubogida 5 mingdan ziyod, 2018 yilgi chempionatga esa 15 ming kishini safarbar etish mo‘ljallanmoqda. Yana 20 mingga yaqin faol JCh—2018 o‘tadigan shaharlardagi volontyorlik dasturlarida ishtirok etadi.

Bugundan boshlab bu ikki turnir uchun ham murojaatlar qabul qilinadi. Tayyorgarlik ishlari esa 2017 yil boshida o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, Rossiyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuligacha o‘tkaziladi.

Top