18:14 / 01.06.2016
14485

Shveytsariyaning Alp tog‘ida jahondagi eng uzun temir yo‘l tunneli ochildi

Ko‘pchilik aviatsiya taraqqiy etayotgani bois temiryo‘l transportiga ehtiyoj qolmayapti degan xayolga borishi mumkin. Ammo bunday emas. Temir yo‘l o‘z mavqeini osonlikcha topshirish niyatida emas. Buni 1 iyun kuni ochilgan dunyodagi eng uzun temiryo‘l tunnelining ishga tushirilishida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

1 iyun kuni temir yo‘l tarixida olamshumul voqea yuz berdi. Jahonda eng uzun bo‘lgan temir yo‘l tunneli ochildi. Uzunligi 57 kilometrni tashkil qiluvchi mazkur inshoot Shveytsariyaning Alp tog‘i hududida foydalanishga topshirildi. Endilikda Germaniyadan Shveytsariya orqali Italiyaga borish vaqti bir soatga qisqaradigan bo‘ldi. Loyiha qiymati 12 milliard yevroga teng ekani aytilayotgan yer osti yo‘lining ochilish tadbirida Shveytsariya prezidenti Yohann Shnayder-Ammann, Fransiya prezidenti Fransua Olland, Germaniya kansleri Angela Merkel va Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi xamda Yevropadagi bir qator davlatlarning transport vazirlari ham ishtirok etdi.

Alp tog‘i ostidan tunnel qurish g‘oyasi ilk bor 1947 yilda ilgari surilgan edi. Biroq loyiha bir qator texnik muammolar bilan to‘qnash keldi. Oradan 50 yil o‘tib, Shveytsariya matbuoti yozayotganidek “asr qurilishi” boshlandi. 17 yil davom etgan qurilish byudjyeti 12,1 milliard shveysariya frankini tashkil qiladi. Bu 12 milliard yevro demakdir. 

Loyihaning birinchi varianti 1962 yilda yaratilgan bo‘lib, dastlab tunnelning uzunligi 45 kilometrni tashkil qilishi belgilangan edi. Birinchi skvajinalarni burg‘ilash 1993 yilda, tayyorgarlik ishlari 1996 yilda, asosiy ishlar 2001 yilda, tuproqning olinishi 2003 yilda boshlangan. Qurilish ishlariga bir vaqtning o‘zida 2,5 mingga yaqin ishchi jalb qilindi. Yer osti yo‘lini qazish ishlari ikki tomondan olib borildi. Qazish ishlari shimolda Erstfeldadan, janubda esa Bodiodan boshlangan. Ikki tomon 2010 yilda uchrashdi.

Gotard temir yo‘l tunneli uch qismdan iborat. Asosiy ikkita qismidan poyezdlar harakatlanadi. Uchinchi tunnel favqulodda vaziyatlar yuz bergudek bo‘lsa, yo‘lovchilarni xavfsiz joyga olib chiqish uchun mo‘ljallangan. G‘arbiy tunnelning uzunligi 56,9 kilometr, sharqiy tunnel — 57 kilometrdan iborat. Tunnelning xizmat va yo‘lovchilar yurishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklari bilan umumiy uzunligi 153,4 kilometrni tashkil qiladi. Trassa minimal darajadagi ko‘tarilishlar, tushishlar va keskin burilishlarsiz loyihalangan. Bu poyezdlarga soatiga 250 kilometr tezlik bilan yurishga imkon beradi. Shveytsariya temiryo‘lar kompaniyasi Biaska va Erstfeld shaharlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda yordam ko‘rsataditgan ikita texnik xizmat ko‘rsatish markazini qurdi. Tunnel ichida ikkita ko‘p vazifali temir yo‘l stansiyasi mavjud bo‘lib, ular avariya, tarkiblarni almashtirish vaqtida ishlatilishi mumkin. Tunnel orqali tez yurar yo‘lovchi poyezdlari soatiga 250 kilometr tezlikda, yuk poyezdlari esa 160 kilometr tezlikda harakatlanadi. Bu degani yo‘lovchilar Erstfeldadan Bodiogacha 20 daqiqada yetib olishlarini anglatadi. Bu tunnel chuqurlik bo‘yicha ham rekord ko‘rsatkichga ega. Uning ba'zi joylarini tog‘ yuzasidan 1,6 kilometrlik masofa ajratib turadi. Tunnel tog‘ daryolari va hattoki gidroelektrostansiyalar ostidan o‘tadi. 1 iyun kuni tunnel orqali birinchi poyezdlar o‘tgan bo‘lsa, 2017 yilning yanvaridan yo‘l to‘liq foydalanishga tushiriladi.

Poyezdlar harakati dekabr oyida boshlanadi. Unga qadar texnik sinovlar o‘tkaziladi. 2020 yilga borib bir kunda Tsyurix va Luganoni bog‘lovchi bu tunneldan 15 ming kishi foydalanadi.

Tunnel Alp tog‘i hududida havoning ifloslanishi darajasini kamaytirishga yordam beradi va yo‘llarda tirbandlik keltirib chiqaruvchi yuk transporti muammosini hal qiladi. 2020 yilga qadar tunnel orqali 210 mingta yuk mashinasi o‘tishi kutilmoqda. Kuniga tunnel bo‘ylab 200-250ta yo‘lovchi va yuk poyezdi o‘tadi.

Tunnelni qazishda ikkita burg‘ilash qurilmasi qo‘llangan. Umumiy hisobda 28,2 million tonna tog‘ jinsi qazib olindi. Qazib olingan tog‘ jinslaridan beshta Heops ehromi qurish mumkin bo‘ladi. Gotard tunneli yer yuzidagi eng uzun va shu bilan birga eng chuqur inshoot deya tan olindi.

“Asr tunneli” ochilish tadbiriga mingdan ortiq mehmon taklif qilindi. Tadbirni yoritish uchun ommaviy axborot vositalarining 300dan ortiq vakili akkreditatsiyadan o‘tdi. Yangi tunneldan birinchi bo‘lib 1000dan ortiq shveysariyalik foydalandi. Pollejo shahridan Erstfelda shahriga boruvchi poyezdga chiptalar milliy televideniye orqali o‘ynalgan lotereya orqali berildi. Umumiy hisobda 140 mingdan ortiq kishi tunneldan o‘tuvchi poyezdning birinchi yo‘lovchilari bo‘lishga xohish bildirishgan.

Bayram tadbirlari iyun oyida Shveytsariyaning Arau, Byorn, Bazel, Jyeneva, Vintertura va Tsyurixdagi temir yo‘l bekatlarida bo‘lib o‘tadi. Barcha xohlovchilar 4-5 iyun kunlari maxsus poyezdlarda jahondagi eng uzun tunnel bo‘ylab sayr qilishlari mumkin. 30 yevroga baholanayotgan chiptalarni Shveytsariya temir yo‘llari saytidan xarid qilish mumkin.

Olamshumul hodisa munosabati bilan Shveytsariyada Gotard tunneliga bag‘ishlangan ikki xil tanga zarb qilindi. Oltin tangalardan may oyida 4,5 mingtasi zarb qilingan. Kumush tangalar esa avvalroq, ya'ni yanvar oyida besh ming dona zarb qilingan edi.

Aholisi 8 milion 325 ming kishidan iborat Shveytsariya loyihani amalga oshirish uchun katta ishlarni amalga oshirdi.

Mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda ham bu kabi loyihalarga katta ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, kuni kecha, Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l uchastkasidan tajriba tartibida birinchi poyezd o‘tdi. Temir yo‘lning "Qamchiq" tunneli ichidagi 11-kilometrida relslar tutashtirilgan. Poyezdlarning tunnel orqali doimiy harakati iyun oyining oxirida boshlanishi rejalashtirilgan. Angren-Pop temir yo‘li 123,1 kilometr uzunlikka ega bo‘lib, bu masofaning 19,1 kilometrlik qismi tunneldan iborat. Tunneldagi burg‘ilash ishlari Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi bilan hamkorlikda, po‘lat polotnoni yotqizish ishlari esa «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning o‘z kuchi bilan amalga oshirildi. Ayni paytda loyihaning yakuniy bosqichi — muhandislik ishlarini yo‘lga qo‘yish va yo‘lni elektrlashtirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Sharofiddin To‘laganov

Top