23:22 / 02.06.2016
5991

Messi sudda o‘z moliyaviy ishlarini nazorat qilmagani haqida aytdi

"Barselona" hujumchisi Lionel Messi Ispaniya sudida soliqdan qochish borasidagi turli ishlardan bexabar bo‘lganini aytib o‘tdi.

Ispaniya hukumatiga 4,1 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lamaganlikda ayblanayotgan Messi va uning otasi Xorxe Messi ustidan sud ishi ayni vaqtda davom etmoqda.

"Men shunchaki futbol o‘ynaganman va boshqasini bilmaganman", degan u.

Sudga qora kostyum va galstukda tashrif buyurgan Messining chiqishi 15 daqiqa davom etgan.

"Shartnomalarni esa otamga va huquqshunoslarga ishonganim uchun imzolaganman. Biz bunday ishlar bilan ular mashg‘ul bo‘lishiga kelishib olganmiz.

Men ijijim borasidagi huquq bilan shug‘ullanuvchi kompaniya borligini bilmaganman. Men hech qachon otamdan bunday narsalarni so‘ramaganman. Otamga ishonganim va huquqshunoslar shunday qilish lozimligini aytishgani tufayli ham shartnomalarni imzolaganman", - deydi Messi.

31 may kuni boshlangan sud 3 kun davom etishi belgilangan.

Soliq ispektsiyasi Ispaniya sudidan ota va bolaga katta miqdordagi jarima qo‘llashni va ularni ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan.

Sud hukmi keyingi haftagacha e'lon qilinishi kerak.

Sud jarayoni tufayli Messi Argentina terma jamoasi safida Amerika Kubogiga tayyorlanish bosqichining bir qismini o‘tkazib yubordi. Amerika Kubogi AQShda 3 iyun kuni boshlanadi, Argentina termasining turnirdagi ilk o‘yini 6 iyunga belgilangan.

Lionel va uning otasi futbolchining 2007 yildan 2009 yilgacha bo‘lgan davrdagi reklama daromadlaridan soliq to‘lamaslik uchun Beliz va Urugvayda bir qator soxta kompaniyalar yaratishda ayblanmoqda.

Messi futbolchilik faoliyatidan oladigan daromaddan tashqari, Banco Sabadell, Danone, Adidas, Pepsico, Procter & Gamble va Kuwait Food Company kompaniyalarining mahsulotini reklama qilgani uchun olgan foydasini yashirishda gumon qilingan.

Messining advokatlari ham u hech qachon shartnomalar matnini o‘qishga 1 daqiqadan ortiq vaqt sarflamaganini bildirishgan.

2013 yilning avgustida Messi soliq inspeksiyasiga ko‘ngilli ravishda shikoyatda ko‘rsatilgan miqdorga foizlarni qo‘shib, jami 5 mln yevro to‘lagandi.

Top