08:50 / 02.06.2016
31059

Onlayn plastik kartalar amal qilish muddati tugasa nima qilish kerak?

O‘zbekistonda onlayn plastik kartalar – UZCARD EMV amalga kiritilgandan ancha vaqt o‘tdi. Biroq kartalarning hamma egalari ham ularning amal qilish muddati tugayotganidan xabarlari yo‘q. Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida uzdaily.uz nashrida ba'zi tavsiyalar keltirildi.

Quyida ushbu vaziyat bo‘yicha ko‘p uchraydigan bir nechta masalalarni ko‘rib chiqamiz.

Karta amal qilish muddati

Istalgan bank plastik kartasida amal qilish muddati mavjud. Bu muddat kartaning old tomonida "oy/yil" formatida ko‘rsatiladi, misol uchun 12/16 degan yozuv karta 2016 yilning 31 dekabrigacha amal qilishini anglatadi. Bu kartadan siz butun dekabr oyi foydalanishingiz mumkin, biroq 2017 yilning 1 yanvarida siz undan endi foydalana olmaysiz.

UZCARD EMV kartalari odatda 3 yillik muddat bilan chiqariladi.

Kartani qayta chiqarish

Buning uchun ortiqcha xatti-harakatlar shart emas, Siz kartangiz muddati tugashidan 2-3 hafta avval kartangiz biriktirilgan bank bo‘limiga murojaat qilib, kartangizni boshqatdan chiqarish uchun ariza yozib, yangi kartani olishingiz mumkin.

Kartadagi pul mablag‘lari

Kartangiz muddati tugagandan keyin, siz foydalana olmaydigan kartangizda qolgan puldan tashvishlanmasangiz bo‘ladi. Chuki pullar kartada emas, balki bu karta biriktirilgan hisob raqamida turadi.

Karta muddatining tugashi to‘g‘risidagi SMS-ogohlantirish

Yagona umumrespublika protsessing markazi tomonidan kartasining amal qilish muddati tugayotgani haqida karta egalarining mobil telefonlariga sms-ogohlantirish yuboruvchi funksiya ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan. Bunday xabarni kartasi sms-axborot berish xizmatiga ulangan karta egalari olishlari mumkin (sms-axborot berish xizmati karta egasi yoki uni muomalaga chiqargan bank tomonidan ulanadi).

Muddati tugagan karta bilan nima qilish kerak?

Muddati tugagan eski karta yangisi olinayotganda bankka topshiriladi va u yerda yo‘q qilinadi.

Top