15:27 / 03.06.2016
7720

AQShda Amerika Kubogi boshlanmoqda

2016 yilgi Amerika Kubogi musobaqasi AQShda bo‘lib o‘tadi. Bu safargi turnirning o‘tkazilishi Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMeBOL) tashkil topganining 100 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, bu ilk marta Janubiy Amerika materigidan tashqarida o‘tkazilayotgan Amerika Kubogidir.

Bugun boshlanadigan turnirda KONMeBOLning 10ta terma jamoasi hamda Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari konfederatsiyasining (KONKAKAF) 6 a'zosi (tarixda ilk marta, avvalgi turnirlarda ko‘pi bilan 4ta terma jamoa taklif etilardi - tahririyat) qatnashadi. Konfederatsiyaning 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan maxsus Amerika Kubogi-2016 g‘olibi 2017 yili Rossiyada o‘tkaziladigan Konfederatsiyalar Kubogida ishtirok eta olmaydi, Rossiyaga 2015 yilgi Amerika Kubogida g‘olib chiqqan Chili terma jamoasi keladi.

Janubiy Amerika mamlakatlari o‘rtasida futbol bo‘yicha ilk turnir 1916 yili tashkil etilgandi. 1975 yildan buyon turnir 4 yilda 1 marta o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Shu vaqtgacha Urugvay terma jamoasi bu turnirda eng ko‘p marta g‘olib bo‘lgan (15 marta). Argentina bu safargi turnirda g‘olib chiqish orqali urugvayliklar bilan tenglashib olishi mumkin bo‘ladi.

KONMeBOLNING 10 vakili: Argentina, Boliviya, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Ekvador, Paragvay, Peru, Urugvay, Venesuela.
KONKAKAFning 6 vakili: AQSh, Meksika, Kosta-Rika va Yamayka, Panama, Gaiti.

Guruh bosqichi o‘yinlari AQShning 9ta shahrida o‘tkaziladi: Foksboro, Ist-Ruterford, Filadelfiya, Chikago, Orlando, Xyuston, Glendeyl, Pasadin, Santa-Klara va Sietll.

Guruh bosqichidan 1 va 2-o‘rinlarni egallagan 8 jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi. Chorak final bahslari 16-18 iyun kunlariga belgilangan. Turnir finali 26 iyun kuni Nyu-Jyersi shtatidagi Ist-Ruterford shahrining "Metlayf" stadionida o‘tkaziladi.

Top