17:46 / 03.06.2016
13353

Jurnalist: Turkiyani bo‘g‘ayotgan uchinchi qo‘l

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Senga insof bersin uchinchi odam” degan satrlari esingizdami? Shoir gohida odamlarni bir-biriga qarshi qayrovchi, gohida ularni yarashtiruvchi uchinchi odamga insof tilaydi. Bugungi kunda jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarni kuzatar ekansiz, shoirning yuqoridagi satrlari yana bir bor beixtiyor yodga tushadi.

Kecha kim o‘ylagan edi Rossiya-Turkiya orasidan ola mushuk o‘tadi, deb. Kecha kim o‘ylagan edi NATO a'zosi bo‘lmish Turkiyaning Yevropa mamlakatlari bilan aloqasiga darz ketish yuz beradi deb.

Turkiya atrofida savollar kun sayin ko‘payib bormoqda.

Balki Turkiya atrofidagi barcha muammolarning ortida "uchinchi odam" turmaganmikan?

2001 yil 11 sentabrda dahshatli terror hodisasi yuz berdi. Shundan so‘ng Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi urush boshlandi. Oradan ikki yil o‘tib Iroqda Saddam Husayn tuzumi ag‘darildi. Keyinchalik Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari yo‘qligi aniq bo‘ldi. 2011 yilda esa “Arab bahori” boshlandi. Buning oqibatida mintaqada eng kuchli bo‘lgan arab mamlakatlari parokanda bo‘ldi. Liviya bo‘laklarga bo‘lindi, Misr nisbatan kuchsizlandi. “Ehromlar mamlakati”ga sayyohlarning kelishi keskin kamayib ketdi. Kuni-kecha AQSh rahbari Liviyadagi urush noto‘g‘ri bo‘lganini tan oldi. 1998 yilgi moliyaviy inqiroz Indoneziya va Malayziyani kuchsizlantirdi. Shu tariqa musulmon dunyosida kuchli davlat sifatida faqat Turkiya qoldi.

Ammo o‘tgan yilning noyabrida Turkiya tomonidan Rossiya harbiy samolyoti urib tushirilgach, bu mamlakat iqtisodi ortga keta boshladi. Chunki Rossiya o‘z sayyohlarini Turkiyaga yubormay qo‘ydi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiq deyarli to‘xtatildi. Bu, o‘z navbatida, har ikki mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatmay qolmadi. Mana endi Turkiyaning eng ishongan hamkorlaridan biri bo‘lmish Germaniya parlamenti turklar tomonidan armanilar genotsid qilingan, degan qaror qabul qildi.

Germaniya parlamentining 630 nafar a'zosidan bir deputat qarshi chiqib, bir nafari betaraf qolgan holda qabul qilgan qarorini Turkiya rasmiylari “asossiz va mas'uliyatsiz” deb atadi. Germaniyaning Anqaradagi elchisi Martin Erdmann tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga norozilik notasi topshirildi. Berlindagi Turkiya elchisi Husayn Avni Karslio‘g‘li maslahatlashuv uchun Anqaraga chaqirib olindi.

Bugungi kunda Germaniya bilan qo‘shib hisoblaganda 29ta davlat, jumladan, Rossiya, Fransiya, Avstriya, Belgiya, Gretsiya, Italiya, Lyuksemburg, Vatikan, Niderlandiya, shuningdek, Yevroparlament, Yevropa Kengashi va Jahon Cherkovlar Kengashi armanilar genotsid qilinganini tan oladi. Bundestag qabul qilgan rezolyutsiya “1915-16 yillarda arman va boshqa xristian ozchiligini genotsidi to‘g‘risidagi xotira” deb nomlanadi.

BMT Bosh Assambleyasining 1948 yil 9 dekabrda qabul qilgan konvensiyasida biror bir milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni ataylab butunlay yoki qisman yo‘q qilish genotsid deb atalishi ta'kidlanadi. 1915 yilda Usmoniylar imperiyasi tomonidan 600 mingdan bir yarim millionga yaqin arman yo‘q qilingani da'vo qilinadi. Birinchi jahon urushi arafasida Usmoniylar imperiyasi hududlarida arman millatiga mansub aholi soni 2 yarim million kishini tashkil qilardi. Biroq Turkiya tomoni armanlar genotsid qilinmaganini, fuqarolar urushi davrida armanlar kabi turklar ham jafo chekkanini aytib keladi. Anqaraning fikricha, arman millatiga mansub aholi ommaviy qirg‘in qilingan, biroq hodisani genotsid deb atab bo‘lmaydi. Shuningdek, armanlar talqin qilayotgan qurbonlar borasidagi raqamlarga ham ishonish qiyin. Armanlar Usmoniylar imperiyasining maqsadli siyosati tufayli emas, balki saltanatda yuz bergan fuqarolar urushi oqibatida halok bo‘lgan. Turkiya rasmiylarining aytishicha, “genotsid” iborasidan Armaniston o‘zining siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda. Shu sababli ham Anqara muammoga uzil-kesil nuqta qo‘yish maqsadida halqaro ekspertlar qo‘mitasini tuzish taklifi bilan chiqmoqda. Biroq bu taklifga Yerevan qarshi chiqib keladi.

Kantsler Angela Merkel, tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer va vitse-kansler Zigmar Gabriel ovoz berish jarayonida ishtirok etmadi. Ayni damda Argentinada bo‘lgan Frank-Valter Shtaynmayyer bundestag qarori Berlin va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligiga umid bildirdi.

Turkiya bosh vazirining o‘rinbosari Numan Kurtulmush o‘zining Twitter mikroblogida rezolyutsiyani “tarixiy xato” deb atadi va hujjat Turkiya uchun hech qanday yuridik kuchga ega bo‘lmasligini ta'kidladi.

Turkiya Adliya vaziri Bekir Bozdag armanlarning genotsid qilinishining tan olinishi turk xalqi, turk davlati va tarixi uchun tuhmat ekanini ta'kidladi. “Agar jahonning barcha mamlakatlarining parlamentlari shu kabi qarorga kelgan taqdirda ham bizning millat, bizning davlat, bizning tariximizga qora chaplay olishmaydi. Biz uyaladigan ish qilganimiz yo‘q. Tariximizda boshimizni egishga majbur qiladigan qora dog‘lar yo‘q”, dedi Adliya vaziri. U o‘z so‘zida davom etar ekan “turk xalqi va turk davlati hech qachon do‘stlarini ham, do‘st bo‘lmaganlarini ham unutmaydi. Turkiya o‘z yo‘lidan qaytmaydi. Siyosiy qarorlar haqiqatni o‘zgartira olmaydi”, dedi.

Hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasi hamda muxolifatdagi Xalq respublikachilar va Milliy Harakat partiyalari ham Germaniya bundestagining qarorini qoralab chiqdi.

“Rezolyutsiya loyihasi kim tomondan taqdim qilindi?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hujjat “Yashillar” partiyasining hamraislaridan biri - millati turk bo‘lgan Jyem O‘zdemir tomonidan taqdim qilingani aytilmoqda. Turkiyada O‘zdemirni “sotqin”, “arman terrorchisi” va “millatchi” deb atay boshlashdi.

Tahlilchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar uzilmasligini, bir - ikki oy turk siyosatchilari keskin bayonotlar berganidan so‘ng vaziyat avvalgidayek davom etishini aytishmoqda.

Germaniya qarorini kimdir g‘alaba dedi, kimdir xato dedi. Lekin bir narsa aniq. Bundan keyin Germaniya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar avvalgidek bo‘lmaydi. Xuddi shu kabi fikrni Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarga ham aytish mumkin. Urib tushirilgan samolyot uchun Turkiya kechirim so‘ragan taqdirda ham (hozircha Erdo‘g‘an uzr so‘rash niyatida emas) ikki mamlakat o‘rtasidagi avvalgi munosabatlar qayta tiklanmaydi.

“Nima uchun aynan bugun Bundestag shu kabi rezolyutsiya qabul qildi?” degan savol tug‘iladi. Usmoniylar imperiyasi tomonidan 1915 yilgi armanlarga nisbatan sodir etilgan xatti-harakatlarga bugun munosabat bildirish shartmidi? Bu siyosatchilarning emas, balki tarixchilarning ishi emasmi? Hozircha tarixchilar yakdil bir fikrga kelmagan ekan, siyosatchilarning shoshma-shosharlik bilan chiqargan xulosasi vaziyatini badtar keskinlashtirmaydimi?

Sharofidin To‘laganov

Top