17:23 / 03.06.2016
11774

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon oyiga tuhfasi

2016 yil 2 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining majlislar zalida ulamolar, nufuzli imom-xatiblar, Toshkent islom universiteti va Toshkent islom institutining professor-o‘qituvchilari, olimlar ishtirokida «Dunyo ulamolari murojaati» kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda so‘z olgan muftiy Usmonxon Alimov mo‘min-musulmonlarimizni kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan qutlug‘, ana shunday shukuhli kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kitobsevar xalqimizga «Dunyo ulamolari murojaati» nomli yangi kitobni taqdim etayotganini ma'lum qildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi A.Tursunov ushbu kitob imom-xatiblarning kundalik faoliyatida qo‘l kelishi, diniy soha xodimlari mahallalarda tashkil etiladigan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlarda «Dunyo ulamolari murojaati» kitobidan unumli foydalanishlarini so‘zlab, mazkur kitobni barcha masjidlarga, mahalla va ta'lim muassasalariga yetkazish zarurligini bildirdi.
Taqdimotda ishtirok etgan tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov ushbu nashr shu kunga qadar chop etilgan kitoblardan ilmiy-amaliy ahamiyati, saviyasi bilan ajralib turishini qayd etdi.
Ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma'rifiy sohadagi targ‘ibot faoliyati so‘nggi yillarda yangicha mazmun kasb etayotgani ta'kidlandi.
Qayd etish kerakki, taqdimoti o‘tkazilgan «Dunyo ulamolari murojaati» kitobi ilmiy jamoatchilik, xususan, xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Surat: Muslim.uz

 

Top