16:44 / 06.06.2016
3430

Yaponiya 2020 yilda mamlakat bo‘ylab 5G mobil aloqani yo‘lga qo‘ymoqchi

Yaponiya hukumati, 2017 moliya yilidan boshlab, mobil aloqaning yangi avlodi 5G tarmog‘ini barpo etishga qaror qildi. U hozirgi mavjud mobil aloqalardan 100 marta tezroq bo‘lishi aytilmoqda. Ushbu tizim umummilliy miqyosda 2020 yildan ishlay boshlaydi, deb xabar qilgan "Iomiuri" gazetasi.

Bugungi kunda Yaponiyada mavjud mobil aloqa tarmog‘i 3.9 avlodiga tegishli bo‘lib, u kelasi yildan 4G tizimiga almashtiriladi. Umuman yangi, beshinchi avlod tarmog‘i esa, soniyasiga 10gigabit axborot olish va jo‘natish imkonini beradi. Bu, hozirgi kunda mavjud eng zamonaviy tizimlardan 100 barobar tez deganidir. Misol uchun, hozirda ikki soatlik filmni 5 daqiqa atrofida yuklab olish mumkin bo‘lsa, 5G tizimli qurilma buning uchun atigi bir necha soniya sarflaydi, xolos. 

Shu bilan birga, 1 kvadrat metr maydonga millionlab mijozlarni aloqa sifati o‘zgarishidan xavotirlanmay ulash mumkin bo‘ladi. 

Soatiga 300 km tezlikda harakatlanayotgan poyezdda ham aloqa sifati yuqoriligi saqlanib qoladi. Bundan tashqari, u masofadan turib jarrohlik amaliyoti o‘tkazishda ham qo‘l keladi. 

Shuningdek, 5G qurilmalari mashinalarga o‘rnatilsa, YTH hamda tirbandliklarning oldini olish imkoniyati kengayadi. Shu bois, Yaponiya hukumati, yangi avlod aloqa tarmog‘ini ishlab chiqish jarayoniga avtomobilsozlik va kinosanoati vakillarini ham jalb etishni rejalashtirmoqda.

Top