14:47 / 06.06.2016
5647

Qozog‘iston IIV: Aqto‘bedagi hujum kuzatuv kameralarida aks etgani haqidagi video soxta

Aqto‘bedagi hujum tasviri ekani aytilayotgan, ko‘chalardan biridagi kuzatuv kameralari orqali olingan video aslida boshqa jarayonga tegishli. Qozog‘iston IIV matbuot xizmati rahbari Almas Sadubayevning aytishicha, bu may oyida olingan reklama roligining bir parchasi.

Bundan oldinroq, internetda mashina lyukidan chiqib otishma boshlagan va ko‘chada qurol ko‘tarib yurgan olomon tasvirlangan video Aqto‘bedagi jinoiy guruhning hujumi tasvirlari sifatida keltirilgandi.

"May oyida Aqtauda "Spetsnaz" va "Arlan" nomli seriallar suratga olinishi boshlandi. S'yomka syujyetiga ko‘ra, bir guruh kishilar qurollangan holda ko‘chalarda turib, mashinalardan turib, mashinalarning lyukidan otishma uyushtiradi. Bu rolik 4-5 may kunlari ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi", deya Sadubayevning so‘zlarini keltiradi bnews.kz nashri.

Yakshanba kuni diniy oqim a'zolari bo‘lga jinoiy guruh Aqto‘bedagi 2ta qurol sotiladigan do‘konga hamda harbiy qismga hujum qildi. Hujumlar oqibatida tinch aholi vakillaridan 3 kishi hamda 3 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. 20dan ortiq kishini o‘z ichiga olgan guruhning yo‘qotishlari soni dastlab 4 kishi bo‘ldi.

Shaharda aksilterror rejim joriy qilindi. Jamoat transporti harakati to‘xtatildi, ko‘ngilochar maskanlar va savdo markazlari yopib qo‘yildi. Aholiga uylarni tark etmaslik tavsiya etildi.

Tungi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan yana besh nafar jinoyatchi yo‘q qilindi va ikki nafari qo‘lga olindi. Ayni vaqtga kelib, jami 9 jinoyatchi yo‘q qilingan, 9 nafari hibsga olingan.

Top