09:37 / 06.06.2016
8427

Och qolayotgan insoniyat: navbat dunyo okeanlarigami?

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar o‘z dolzarbligini aslo yo‘qotmagan. Bunga aholi sonining o‘sishi, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmaslik, mavjud yer va suv resurslaridan cheklangan miqdorda foydalanish sabab bo‘lmoqda.

Oziq-ovqat yetishmovchiligining yana bir sababi iqtisodiy inqiroz, qurg‘oqchilik va hosilning kam yig‘ishtirib olinishida ko‘zga tashlanmoqda. Shuningdek, ayrim davlatlar oziq-ovqat mahsulotlariga baho belgilashda qo‘yayotgan xatoliklar ham oziq-ovqat muammolarini keltirib chiqargan.

Bugungi kunda sayyoramiz aholisi tezlik bilan  ko‘payib bormoqda. Ayni damda yer yuzida 7 milliard inson istiqomat qilmoqda. BMT tahlilchilarining so‘zlariga qaraganda, yana 40 yildan so‘ng sayyoramiz aholisi 9 milliard 300 million kishidan oshib ketadi. Asrimiz oxiriga borib esa aholi soni 10 milliard kishidan ortib ketishi mumkin. Biroq tug‘ilish ko‘paygudek bo‘lsa bu raqam 15 milliard kishiga yetishi ehtimoli bor.

Bu haqda BMTning Aholishunoslik fondi ma'lum qildi. Tadqiqotchilar farovonlik darajasining oshishi, ta'limdagi islohotlar hamda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq tug‘ilish kamayishi mumkin, degan qarashlarni ham o‘rtaga tashlashmoqda. Bundan 60 yil avval bir ayolga o‘rtacha 6 nafar bola to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endilikda bu raqam ancha kamaygan. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda bir ayolga 1,7 bola to‘g‘ri kelsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda bir ayolga 4,2 nafar bola to‘g‘ri keladi. Dunyo bo‘yicha bu raqam 2,5 ni tashkil qiladi.

BMTning Aholishunoslik fondi ma'lumotlariga qaraganda, aholi sonining o‘sishiga insoniyat qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar bosh omil bo‘lmoqda. Aholining o‘sishi Osiyo va Afrika qit'alari hisobiga bo‘lmoqda. Aholi sonining oshib borishi bilan oziq-ovqat mahsulotlariga talab ham ortib borishi hech kimga sir emas. Insoniyatni boqish uchun 2050 yilga borib oziq-ovqat mahsulotlarini hozirgiga qaraganda 80 foiz ko‘p ishlab chiqarishni taqozo etadi.

Tahlilchilar oziq-ovqat mahsulotlariga talab rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan rivojlangan mamlakatlar hissasiga ko‘proq to‘g‘ri kelishini ta'kidlashadi. Shuni afsus bilan ta'kidlash kerakki, qashshoq mamlakatlarda aholi to‘yib ovqat yemayotgan bir vaqtda rivojlangan mamlakatlar aholisi ko‘p ovqat iste'mol qilishdan semirib ketmoqda.


Bugungi kunda yer yuzida 600 million aholi me'yoridan ko‘p ovqat iste'mol qilishi aytiladi. AQSh hissasiga yuz million kishi to‘g‘ri keladi. Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida aholi ko‘p ovqat yeyayotgan bir vaqtda rivojlanayotgan mamlakatlarda ovqatlanish yashab qolishning bir imkoni sifatida ko‘rilmoqda. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda sayyoramiz aholisining 30 foizi to‘yib ovqat yemaydi. Jahonda bolalar o‘limining 55 foizi to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida yuz bermoqda. Sayyoramizda to‘yib ovqat yemayotganlar soni yil sayin oshib bormoqda.

To‘yib ovqat yemayotganlar, asosan, Janubiy Amerika, Afrika va Osiyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Afrika qit'asi yer yuzidagi eng qashshoq mintaqa sifatida tan olingan. Masalan, Somali, Uganda, Chad, Mozambik, Efiopiya kabi mamlakatlar aholisining 40 foizidan ko‘prog‘i to‘yib ovqat yemaydi. Kaloriyasi kam ovqat yeydigan fuqarolar ham, asosan, Afrika, Karib havzasi mamlakatlarida istiqomat qilishi aytiladi. Bu esa nafaqat jismoniy o‘sishni, balki aqlan rivojlanishni ham to‘xtatar ekan. Alal-oqibat bu kabi holatlar insonning ruhiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ruhshunoslar tomonidan aytib kelinadi. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlarda har yili “A” vitamini yetishmasligi oqibatida yuz mingga yaqin bolaning ko‘rish qobiliyati sustlashishi ta'kidlanadi.

Olimlar “ekotizimga ziyon yetkazilmagan holda oziq-ovqat mahsulotlari ko‘paytirilishi zarur”, degan fikrlarni aytishadi. Bir qator tadqiqotchilar insoniyat o‘simliklardan iborat parhez taomlarga o‘tishi lozim, degan qarashlarni ham o‘rtaga tashlashmoqda. Shuningdek, nisbatan arzonga tushadigan tovuq kabi parranda go‘shtlarini yetishtirishga ham katta ahamiyat berilishi lozim, degan takliflar ham aytiladi. Bir qator ekspertlar esa, okeanning biologik resurslaridan foydalanish uchun vaqt yetib kelganligini aytishadi. Biroq olimlar okeanni asl holicha saqlab qolish uchun uni tinch qo‘yish kerakligini ham bot-bot ta'kidlaydilar. Ularning fikricha, okean resurslaridan shoshma-shosharlik bilan foydalanish ekotizimga ziyon yetkazishi mumkin. Okean resurslariga insonlarning aralashuvi suv jonivorlarining qirilib ketishiga sabab bo‘lar ekan. Olimlar jahon okeanlarida bir yilda eng ko‘pi bilan 150-180 million tonna baliq ovlanishi kerakligini aytishadi. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda bir yilda 100 million tonna baliq ovlanadi.

Bir guruh tahlilchilar rivojlangan mamlakatlarga murojaat qilib, “jahonda odamlar to‘yib ovqatlanmayotgan bir vaqtda bioyoqilg‘ilardan foydalanishni to‘xtatish lozim”, degan taklifni berishmoqda.

Shu bilan birga qashshoq mamlakatlardagi yoshlarni ishga joylashtirish, ekologik muammolarni hal qilish, shahar va qishloq aholisining turmush darajasidagi muvozanatni izlash hamda odamlarni bir yurtdan ikkinchi mamlakatga ko‘chishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish ham asosiy muammolardan hisoblanadi. Birinchi navbatda, yoshlarni ish bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zamonaviy mehnat bozorida yoshlar orasidagi ishsizlik darajasining oshib borayotgani, ish bilan ta'minlanayotgan yoshlarning ish joylaridagi ahvolning yomonligi ham asosiy muammo sifatida ko‘rilmoqda. So‘nggi o‘n yillikda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlarning ishsizligi oshib bormoqda. Shu bilan birga ish bilan ta'minlangan yuz millionlab o‘smirlar qashshoqlikda yashayotgani ham tan olinadi. Jahondagi ishsizlarning teng yarmi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa giyohvandlarning ko‘payishi va yosh yigit-qizlar tomonidan sodir etiladigan  jinoyatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli ham jahon mamlakatlarining yoshlari ish bilan ta'minlanish borasida yuzaga kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishga tushib qolishdi va vaziyatni yaxshilash borasida jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish kerak, degan talab va takliflarni bildirishmoqda.

Sharofiddin To‘laganov

Top