19:11 / 06.06.2016
6460

Toshkentda “Biz buyuk yurt farzanlarimiz!”  yoshlar festivalining matbuot anjumani o‘tkazildi

6 iyun kuni, 15:00 da Toshkentdagi “Yoshlar ijod” saroyida “Biz buyuk yurt farzanlarimiz!” shiori ostidagi yoshlar festivalining matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida joriy yilning 7-9 iyun  kunlari  bo‘lib o‘tadigan “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”  festivalining  matbuot anjumanini Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari X.Ermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston “Kamolot” YoIH Markaziy  Kengashi raisi B.G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi doirasida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”  shiori ostidagi yoshlar festivalining maqsad va vazifalari to‘g‘risida so‘zlab o‘tdi. 

Toshkent shahar hokimligining birinchi o‘rinbosari so‘zga chiqib,  “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida tashkil etiladigan tadbirlar to‘g‘risida so‘zladi. 

7-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlarida targ‘ibot guruhi a'zolari (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, madaniyat va san'at arboblari, estrada xonandalari, opera ijrochilari, kino va teatr aktyorlari, yosh olimlar, davlat mukofoti va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari, shoir va yozuvchilar, sportchilar) qatnashishlari ko‘zda tutilgan. 
Festival O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik Kengashining 2015 yil 10 dekabridagi 65-sonli majlis bayoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq tashkil etilib, undan ko‘zlangan maqsad – yoshlarni mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, demokratik o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda bu jarayonlarga nisbatan daxldorlik va shukronalik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta'sirlaridan asrash, xalqimiz hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. 

Mazkur festival Harakatning eng yirik targ‘ibot loyihasi sifatida 2011 yildan buyon barcha tumanlarda o‘tkazilib, uning nufuzi yildan yilga oshib bormoqda. 
Yoshlar festivalida munosib ishtirok etgan yoshlar hamda tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan hamkorlar festival yakuniy gala-konsertida tashakkurnoma va “Yoshlar bilan ishlashda eng faol tuman hokimi” va “Tadbirlarni sifatli tashkil etgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman Kengashi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlanadi.

Top