09:22 / 06.06.2016
20807

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar zamonaviy transport vositasining yorqin aksi

Bundan bir necha yillar avval bir shahardan ikkinchi shaharga  tezroq borish uchun samolyotlardan foydalanilardi. Endilikda shaharlar, xatto mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi tezyurar poyezdlar paydo bo‘ldi.

Xitoy, Yaponiya va Yevropaning qator mamlakatlarida 300 kilometr masofani atigi bir soatda bosib o‘tuvchi poyezdlar oddiy transport turiga aylanib bormoqda. Tezyurar poyezd deb, temir yo‘llarda o‘rtacha tezlikdan ko‘proq harakat qiladigan poyezdlarga aytiladi. Tahlilchilar soatiga 140 kilometr tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni tezyurar deb, tezligi 200 kilometrdan oshadigan poyezdlarni yuqori tezlikdagi poyezdlar deb atashadi.

Zamonaviy yuqori tezlikdagi poyezdlar soatiga 350—400 kilometr tezlikda harakat qiladi. Ayni damda tezligi 560—580 kilometr tezlikda harakat qiluvchi poyezdlar sinovi o‘tkazilmoqda.

Ilk bor yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi 1964 yilda Yaponiyada Sinkansen loyihasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgandi. 1981 yildan boshlab esa Fransiyada xam yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnay boshladi. Keyinchalik bu jarayon Yevropa g‘arbidagi deyarli barcha mamlakatlarda kuzatila boshlandi.

XXI asr boshlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar yo‘llarining uzunligi va qatnovi bo‘yicha Xitoy birinchilikka erishdi.       Tezyurar poyezdlarga mo‘ljallangan temir yo‘llar bo‘yicha Xitoy oldingi o‘rinni egallab turibdi. 2012 yilgi holatga ko‘ra Xitoy temir yo‘llarining uzunligi 9 ming 300 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 1995 kilometrida poyezdlar soatiga 350 kilometr tezlikda harakat qiladi. Ayni damda bu mamlakatda yuqori tezlikda harakat qiladigan poyezdlarga e'tibor kuchaymoqda. Xitoyda yuqori tezlikda harakat qiluvchi poyezdlar uchun temir yo‘llar qurish asosan Davlat banklari va davlatga tegishli moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladi.

Rossiyada yuqori tezlikdagi “Sapsan” poyezdlari oddiy yo‘llarda 2009 yil so‘ngida qatnay boshladi. Moskva-Sank Peterburg o‘rtasida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun maxsus temir yo‘llarning qurilish loyihasi 2017 yilga borib yakunlanadi. 2018 yilda esa Moskva va Sankt-Peterburg o‘rtasida tezligi soatiga 400 kilometrni tashkil qiladigan poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa yo‘lovchilar o‘z manzillariga 2,5 soat davomida yetib boradilar.

Hozircha yuqori tezlikdagi poyezdlar faqat yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda. Biroq Fransiyaning La Poste xizmati maxsus TGV elektrpoyezdlariga ega.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, hozircha tezyurar poyezdlar reaktiv samolyotlarning tezligiga yeta olmadi. Tan olish kerak, bir shahardan ikkinchi shaharga yetib borishda samolyotlar poyezdlarga qaraganda ancha qulaydir. Biroq aeroportlarning vokzallarga nisbatan shahardan uzoqdaligini esdan chiqarish kerak emas. Bu esa yo‘lovchilarning shahardan aeroportga yoki aeroportdan shaharga borishlarida ancha vaqt va xarajatlarni talab qiladi. Ko‘plab shaharlarda aeroportga borish salkam bir soatni tashkil qilishi sir emas. Vokzallar esa shahar markazida joylashgan. Chiptalarni esa poyezd qo‘zg‘alishidan 15 daqiqa avval xarid qilish mumkin. Bu esa poyezdlarning samolyotlardan afzalligini isbotlaydi. Poyezdlardan foydalanish, o‘z navbatida, ichki yo‘nalishda parvoz qiluvchi samolyotlar sonini kamaytirishi, bu samolyotlardan xalqaro yo‘nalishlarda foydalanish, nisbatan qimmat bo‘lgan aviatsiya yoqilg‘isini iqtisod qilish imkonini beradi.

“Yevrostar” (Eurostar) – London va Kent grafligini Fransiyaning Parij, Lill va Belgiya poytaxti Bryussel bilan bog‘lovchi temir yo‘l tarmog‘idir. “Yevrostar” poyezdlari La-Mansh bo‘g‘ozi tagidan o‘tib ko‘hna qitani o‘zaro bog‘laydi. “Yevrostar” poyezdlarining ikkita turi mavjud.: Eurostar Three Capitals (inglizcha “Uch poytaxt” demakdir) 2ta bosh va 18ta yo‘lovchi vagonlaridan iborat; Eurostar North of London (inglizcha "London shimoli")da esa 14 yo‘lovchi  vagoni bor.

Parij–Bryussel–Kyoln–Amsterdam yo‘nalishida qatnovchi poyezdlarning tezligi soatiga 300 kilometrni tashkil qilib, yo‘lovchilar Parijdan Bryusselga 80 daqiqada yetib olishlari  mumkin. Tez yurar poyezdlar o‘z yo‘lovchilarini Londondan Parijga 3 soatda yetkazib qo‘yadi. Yaponiyaning E5 Shinkansen ekspressi soatiga 330 kilometr tezlikda Tokiodan Sin-Aomoriga uch soatda yetib boradi. Ispanda esa AVE poyezdlari soatiga 330 kilometr tezlikda xarakat qilar ekan, Madriddan Barselonagacha bo‘lgan masofani ikki soatu 38 daqiqada bosib o‘tadi. Pekin–Tyantszin yo‘nalishidagi poyezdlarning tezligi soatiga 360 kilometr bo‘lib, yo‘lovchilar o‘z manzillariga 30 daqiqada yetib olishadi.
  Fransiyalik iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tezyurar poyezdlarning ishga tushirilishiga sarflangan bir sent 4 sent foyda  bo‘lib qaytgan. Taxlilchilarning so‘zlariga qaraganda, tezyurar poyezdlardan foydalanish o‘sha davlatning iqtisodiy qudratini namoyish etadi. Chunki tezyurar poyezdlarni ekspluatatsiya qilish yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, infratuzilma va  zamonaviy texnologiyalarining rivojiga   sabab bo‘ladi. Yaqinda Rossiya telekanallaridan birida tezyurar poyezdlarga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv bo‘ldi. Unda bu kabi poyezdlar qatnovi atigi 17ta davlatda yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlanadi. Bu davlatlar orasida “Nasaf”, “Sharq” va “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘ygan O‘zbekistonning ham borligi ko‘ngilimizni tog‘dek ko‘tardi. Bu ham bo‘lsa bizning hech kimdan kam bo‘lmaganimizni va kam bo‘lmasligimizni yorqin isbotidir.

Sharofiddin To‘laganov

Top