15:03 / 08.06.2016
8872

“Navoiy” EIIZ hamda “Jizzax” va “Angren” MIZ berilayotgan bojxona imtiyozlarining ahamiyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi

8 iyul kuni Oliy harbiy bojxona institutining kichik zalida Davlat bojxona qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil birinchi yarmi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Jizzax” va “Angren” maxsus industrial zonalarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga berilayotgan bojxona imtiyozlarining ahamiyati” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari, bojxona xizmati polkovnigi G.Shukurov ishtirok etib, respublikada iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiyalash, shu orqali jahon standartlariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarishga erishish, xorijiy sarmoyalarni va eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi haqida so‘zlab o‘tdi.    

Anjuman davomida  “Angren”  va “Jizzax” maxsus industrial zona sub'yektlari tomonidan loyihalarni amalga oshirish doirasida, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlayigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinganligi, mazkur imtiyozlar kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3 yildan 7 yilgacha muddatga berilish mustahkamlab qo‘yilganligi haqida so‘z bordi.  

Hususan, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi sub'yektlari uchun joriy qilingan bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar ko‘proq eksportni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lsa, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonasida joriy qilingan imtiyozlar ushbu hududlarga chet el investitsiyalarini ko‘proq kirib kelishini rag‘batlantirishi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonasiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan imtiyozni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining bir qator qaror va farmoyishlari qabul qilingan va ular asosida bojxona to‘lovlaridan ozod etiladigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlanganligi haqida to‘xtaldi.  

Anjumanda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalarida ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ushbu zonalar uchun joriy qilingan imtiyozlardan tashqari joriy qilingan bojxona to‘lovlariga oid shu va yana boshqa imtiyozlar yuzasidan ham batafsil ma'lumotlar berildi. 

Tadbirda jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Top