22:04 / 08.06.2016
9949

Oltinko‘l iqtisodiyot kollejida futbol turniri yakunlandi

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga chorshanba kuni mashg‘ulotlar tugaganidan so‘ng kelsangiz, o‘qituvchi, talabalarni sport zali  yoki futbol maydonidan topasiz. Chunki, muassasada haftaning har chorshanbasida “Sport kuni” kuni o‘tkaziladi.  Ta'lim dargohida yosh avlodga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. 

Mana bir haftadan buyon muassasaning 1 va 2 kurslari o‘rtasida futbol bo‘yicha  kollej chempionati o‘tkazilmoqda. Biz “Huquqshunos” va “Hisobchi” jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan g‘oyat qiziqarli final o‘yinini tomosha qildik. To‘g‘risi, oddiygina kollej o‘quvchilarining to‘pni usta futbolchilardek olib yurishi, ular tomonidan qilinayotgan fintlar va kuchli zarbalar yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlod orasida ko‘plab iqtidor egalari yetishib chiqayotganidan darak. Final bahsida huquqshunoslik yo‘nalishida ta'lim olayotgan o‘quvchilar jamoasi g‘olib bo‘ldi. 

Taqdirlash marosimida so‘z olgan kollej direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori, O‘zbekiston qahramoni Shukurjon Mamatqulov g‘oliblarni qutlab, ularga fahriy yorliq va esdalik sovg‘alar topshirdi. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Begali Azimov ham g‘olib jamoaga sport anjomlari sovg‘a qildi. 

Kollejimizda sportning barcha turlariga katta e'tibor qaratiladi,- deydi kollej jismoniy tarbiya rahbari Obidjon Mirzarahimov. Buning samarasi o‘laroq sportchi o‘quvchilarimiz tuman, viloyat va respublika miqiyosidagi musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Ertadan 3 va 4 kurs o‘quvchilari o‘rtasida futbol musobaqalari boshlashni rejalashtirib turibmiz.

 

Elmurod ERMATOV, Andijon

Top