09:03 / 08.06.2016
5150

O‘zbekistonda o‘tgan yili 2,5 tonna giyohvand modda musodara qilindi

O‘zbekistonda 2015 yilda noqonuniy aylanmadan 2,51 tonna giyohvand modda musodara qilindi. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 2,298 tonna bo‘lgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi.

2015 yilda huquq-tartibot muassasalari tomonidan 147,9 kg geroin (2014 yilda 106,5 kg), 882,3 kg opiy (881,9 kg), 1,025 tonna marixuana (802,9 kg), 250,2 kg gashish (100 kg) va 7,1 ming dona psixotrop tabletkalar (18,6 ming tabletka) musodara qilindi.

Markaz ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston chegarasi orqali narkotrafik kanallarini aniqlash va bartaraf etish samaradorligini oshirish maqsadida o‘tgan yili chegaraoldi hududlaridagi hamda Afg‘oniston va Tojikistondan O‘zbekiston hududi orqali tranzit bilan o‘tayotgan yuk poyezdlaridagi yashirin joylarda egasiz afg‘on narkotiklarining yashirilishi bo‘yicha 50 ta holat aniqlandi.  

O‘zbekiston hududi orqali "shimoliy yo‘nalish" deb ataluvchi, Afg‘onistondan Rossiyaga opium va geroin yetkazib beriluvchi dunyodagi eng yirik narkotrafik o‘tadi. Bu yo‘l orqali yiliga 100 tonnagacha kuchli ta'sir qiluvchi giyohvand moddalar jo‘natiladi.

Top