Jahon | 11:38 / 10.06.2016
5114
2 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘bedagi maxsus amaliyot vaqtida aholi evakuatsiya qilindi

Aqto‘be teraktlari ijrochilarini qo‘lga olish uchun o‘tkazilayotgan maxsus amaliyot vaqtida tinch aholi vakillari xavfsizlik me'yorlariga amal qilish doirasida evakuatsiya qilindi. Bu haqda mahalliy "Diapazon" nashri xabar bergan.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati bugun tongda terrorchilarni qo‘lga olish maqsadida tashkil etilgan amaliyot vaqtida ular tomonidan qurolli qarshilik ko‘rsatilayotgani haqida xabar bergandi.

"Maxsus amaliyot "Pantera" do‘koni joylashgan tumanda olib borilmoqda. Oltinsarin ko‘chasidan Jonxo‘ja botir ko‘chasigacha bo‘lgan kvartallarga kirish berkitilgan", deyilgan xabarda.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, bu maxsus amaliyot terrorchilarning ozodlikda qolgan vakillari "O‘tror" do‘koniga hujum qilganidan keyin boshlangan. Hujum qiluvchilarning soni aniqlanmagan.

Guvohlarning ma'lumotlariga ko‘ra, hududda otishma ovozlari eshitilgan.

5 iyun kuni Aqto‘be shahridagi uchta tumanda 2ta qurol-aslaha do‘koni va bir harbiy qismga hujum qildi. Bu hujumlar tufayli uch harbiy va to‘rt fuqaro halok bo‘ldi, kamida 38 kishi yaralandi.

Bungacha hukumat kuchlari o‘tkazilgan amaliyotlar davomida 13 nafar terrorchi yo‘q qilingani, 9 nafari qo‘lga olingani haqida ma'lum qilgandi. Terrorchilarning olti nafari qidirilayotgandi.