09:53 / 10.06.2016
5041

FT: YeI Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yana yarim yilga uzaytirmoqchi

Yevropa Ittifoqi so‘nggi vaqtlarda Rossiyaga nisbatan joriy qilingan jazo choralarini birmuncha yumshatish tarafdorlari ko‘payib borayotganiga qaramay, sanksiyalar muddatini olti oyga uzaytirish niyatida, deb yozmoqda Financial Times nashri.

Yevropa siyosatchilari cheklovlarni uzaytirish fikrini ma'qul topishmoqda. Chunki «tinchliksevar» mamlakatlar yakuniy qarorini YeI yetakchilarining shu yil dekabr oyida bo‘ladigan sammitiga qadar qoldirishga ahd qilishgan, deyilgan  Financial Times xabarida. 

Sanktsiyalarni cho‘zish qarori yaqin ikki haftada qabul qilinishi mumkin. 

Qayd etilishicha, hozirda YeI siyosatchilarining diqqat-eʼtibori muhojirlik inqiroziga qaratilgan. Shu boisdan ham, Moskva bilan munosabatlarni normallashtirish tarafdorlari, sanksiyalarni yumshatish yoki ularni cho‘zish muddatini olti oydan 3 oyga tushirish bo‘yicha bosim o‘tkazishdan o‘zlarini tiyib turishibdi. 

Rossiyaga nisbatan jazo choralari 31 iyul kuni poyoniga yetadi. Uning muddatini cho‘zish to‘g‘risidagi qaror esa, YeIning 28-29 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitida qabul qilinadi.

Top