08:01 / 10.06.2016
7108

Tramp va Klinton o‘rtasidagi internet-tortishuv Klintonga rekord o‘rnatishga imkon berdi

Twitter tarmog‘ida AQSh prezidentligiga asosiy nomzodlar - demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp o‘rtasidagi navbatdagi to‘qnashuv retvitlar soni bo‘yicha rekord natijaga erishdi.

Virtual "zarbalar"ga prezident Barak Obamaning Klintonni qo‘llab-quvvatlovchi videomurojaati sabab bo‘ldi. Tramp davlat rahbari tomonidan bunday chiqishni e'tiborsiz qoldirmadi. 

"Obama hozirgina muttaham Hillarini qo‘llab-quvvatladi. U (Obama) yana to‘rt yil Obamani istayapti-da - ammo boshqa hech kim buni xohlamaydi!" - deb yozdi Tramp o‘z sahifasida. 

"Akkauntingni o‘chirib tashla", - darhol javob qaytardi unga Klinton raqibining tvitiga havola joylashtirib.

Natijada uning yozgan xabari besh soat ichida 270 mingdan ortiq retvitga ega bo‘ldi.

The Associated Press'ning ta'kidlashicha, uning Twitter'i rekord natija qayd etdi.

Trampning provakatsion yozuvi atigi 22 ming retvit to‘pladi. Milliarderning keyingi Klintonga javoban qoldirgan posti esa biroz ko‘proq - 78 ming retvitga ega bo‘ldi.

Tramp bunga javoban Klintonga o‘z shaxsiy elektron pochtasidan xizmat maqsadida foydalangani bilan bog‘liq mojaroni eslatib qo‘ydi. Milliarderni Respublikachilar partiyasi milliy qo‘mitasining raisi Rayns Pribas qo‘llab-quvvatladi.

"823 kishidan iborat shtabing shu gapni o‘ylab topishi uchun qancha vaqt ketdi? O‘chirib tashlangan 33 ming elektron xatlaring qani?" - deb yozdi Tramp. 

Klinton unga javob qaytarmadi.

Rasmussen Reports o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Klintonni 42 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlamoqda, Trampni esa - 38 foiz. 

Reuters/Ipsos'ning tadqiqoti sobiq bosh kotibga yanada ko‘proq ustunlik berib - 42 foizga 34 foiz natijani qayd etdi.

"Klintonning bu tviti uning butun saylovoldi kampaniyasi davridagi eng ommaviysi bo‘ldi", deb xabar bermoqda agentlik.

Top