20:43 / 13.06.2016
5983

Fransiyalik ishbilarmonlar Issiqko‘lda chang‘i bazasini qurishmoqchi

Fransiyalik ishbilarmonlar Issiqko‘l viloyatida chang‘i bazasini qurishmoqchi. Bu haqida Vazirlar mahkamasining muxtor vakolatxonasidan xabar berishdi. 

 Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, kuni kecha Issiqko‘l viloyati muxtor vakili Asxat Akiboyev BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Tolib Rifoiy bilan uchrashdi. Uchrashuvda Issiqko‘l hududida sayyohlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

 "Oxirgi yillarda biz Issiqko‘lda dam olishni istovchilar va mamlakatimizning boshqa hududlariga tashrif buyuruvchilar sonining o‘sishini kuzatmoqdamiz. Bundan tashqari ko‘plab mamlakatlar fuqarolari Qirg‘izistonga sayyoh sifatida tashrif buyurishga qiziqib qolishgan. Hindiston, Turkiya, Xitoy, Koreya bu yerda dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarini qurish istagini bildirishgan, Fransiya esa Issiqko‘lda tog‘ chang‘isi kurortini barpo etmoqchi. Qirg‘izistonga sayyohlarning asosiy oqimi Rossiya va Qozog‘istondan tashrif buyurmoqda, shu sababli bu yil Rossiya mintaqalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaxabar ochildi, avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Tyup (Qirg‘iziston) - Kegen (Qozog‘iston) trassasining rekonstruksiyasi rejalashtirilmoqda", - dedi Asxat Akiboyev. 

 O‘z navbatida Tolib Rifoiy amalga oshirilgan ishlardan katta taassurot olgani hamda ajoyib tabiati, geografik joylashuvi va tarixiy merosini hisobga olganda Qirg‘iziston sayyohlik sanoatini rivojlantirish uchun sezilarli istiqbollarni ko‘rayotganini ta'kidladi. 

Shuningdek, oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni ham aytib o‘tdi - sayyohlik tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilishi uchun shunga muvofiq infratuzilma bo‘lishi kerak, ya'ni yo‘llar va aviaparvozlar bilan bog‘liq masalalar hal qilinishi kerakligi ta'kidlandi. 

"Qirg‘izistonga kelgan sayyohlar poytaxtdan dam olish maskanigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishga ko‘p vaqt ketkazadi. Bundan tashqari zamonaviy aeroportlar va yo‘llar qurilishi lozim. Shu kabi muammolar bartaraf etilsa, Qirg‘iziston respublikasiga xalqaro darajaga chiqish imkonini beradi", - dedi Tolib Rifoiy.

Top