15:12 / 13.06.2016
3563

Irlandiya - Shvetsiya. O‘yin anonsi

Bugun E guruhi vakillari ham Yevropa chempionatidagi ishtirokni boshlaydi. Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Parij shahridagi «Stad de Frans» o‘yingohida Irlandiya va Shvetsiya o‘rtasidagi uchrashuv boshlanadi. O‘yin hakami serbiyalik Milorad Majich.

Irlandiya 4 yil oldin Polsha va Ukraina maydonlarida o‘tgan Yevropa chempionatida ham ishtirok etgandi, ammo o‘shanda jamoaga yetakchilar yetishmagandi. Bu safar Martin O ’ Nil shogirdlari ham guruh autsayderi sifatida qaralayotgan bo‘lsada, ular guruhdan chiqishni niyat qilishgan.

Shvetsiya ham Irlandiya kabi saralash bahslarida guruhda uchinchi o‘rinni egallab, o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish orqali turnirga yo‘llanma olgan. Fransiyaga yo‘l qiyin kechgan bo‘lsada, Erik Hamren shogirdlari jangovar ruhda turnirga kelgan. Terma jamoaga minimal vazifa sifatida guruhdan chiqish topshirilgan, bugungi o‘yinda Zlatan Ibrahimovich va uning jamoadoshlari yaqqol favorit.

Turnir arafasida irlandiyaliklar Belarus bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi va mag‘lub bo‘ldi. Shvetsiya esa Uelsni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Saralash o‘yinlari vaqtida Irlandiya terma jamoasining asosiy hujumchisi Jonatan Uolters bo‘ldi. Martin O’Nil bugun hujumda Uolters va Longni o‘ynatishi kutilmoqda.

Shvetsiya hujumida esa Zlatan Ibrahimovich harakat qiladi. O‘z faoliyatida to‘rtinchi bor Yevropa chempionatida ishtirok etayotgan bu futbolchi bugun gol urish orqali ketma-ket 4ta Yevropa chempionatida gol urgan ilk futbolchiga aylanishi mumkin. U 2004 yili Bolgariya va Italiya terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgan, 2008 yili Avstriya va Shveytsariya maydonlarida kechgan turnirda Gretsiya va Ispaniyaga gol urgan, 2012 yilgi turnirda esa Ukraina hamda Fransiya darvozalariga to‘p kiritgan. Ibrahimovichdan tashqari Krishtianu Ronaldu ham qatorasiga to‘rtinchi marta Yevropa chempionatiga kelgan, lekin Ibrahimovich portugaliyalik futbolchidan bir kun oldin maydonga tushadi va natijaga oldinroq erishishi mumkin.

Terma jamoalar shu vaqtgacha jami 12ta uchrashuv o‘tkazgan. Shundan 3tasida irlandiyaliklar, 7tasida shvedlar g‘alaba qilgan, 2ta durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 18:13, shvedlar foydasiga.

Bugun maydonga tushishi mumkin bo‘lgan taxminiy tarkiblar:

Irlandiya:

Shvetsiya:

Martin O ’ Nil, Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
"Bizda uchrashuv taqdirini yolg‘iz o‘zi hal qila oladigan mahoratli futbolchilar bor. Agar jamoa sarkashlik bilan o‘yin ko‘rsatmasa va matonatli bo‘lsa, bu bizning muvaffaqiyatimiz omili bo‘ladi. Bizda tarkib juda yaxshi va bu tarkib ko‘p narsaga qodir".

Erik Hamren, Shvetsiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
"Biz turnirga yaxshi tayyorlandik, Shvetsiyada ham, Fransiyada ham. Irlandiya terma jamoasini hurmat qilgan holda aytishim mumkinki, bu jamoaga qarshi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Keyingi 4ta uchrashuvda irlandlar maydonda to‘pga egalik qilishga urg‘u qaratishdi. Lekin britancha klassik futbol bilan bu uslubni uyg‘unlashtirish qiyin. Ko‘ramiz, ularning bu urinishi bugungi o‘yinda qanday chiqarkan. Biz har qanday variantga tayyormiz".

Manba: Tribuna.UZ

Top