18:10 / 14.06.2016
21112

Erdo‘g‘an Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashganidan keyin ilk marta Putinga maktub yo‘lladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga maktub yo‘llab, RF fuqarolarini Rossiya kuni bilan qutlagan va rus-turk munosabatlari yangi bosqichga chiqishidan umid bildirgan. 

«Hurmatli janob Prezident! Butun turk xalqi nomidan Siz orqali barcha rossiyaliklarni Rossiya kuni bilan tabriklayman hamda yaqin orada Rossiya va Turkiya munosabatlari o‘ziga munosib darajaga chiqishiga umid bildiraman», — deya maktubdan iqtibos keltiradi RIA Novosti agentligi. 

O‘z navbatida, Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim ham rossiyalik hamkasbi Dmitriy Medvedevga yo‘llagan tabrik xatida, yaqin istiqbolda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va aloqalar ikki xalq umumiy manfaatlariga javob beradigan darajaga chiqishiga ishonch bildirgan. 

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya rahbaridan maktub olinganini tasdiqlab, u TIV kanali orqali kelganini aytgan. 

Avval xabar qilinganidek, Erdo‘g‘an Rossiya-Turkiya munosabatlari iliqlashuviga umid bildirib, «o‘ylaymanki, tez orada biz munosabatlarni tiklaymiz hamda yanada qalinroq hamkorlik qilish maqsadida avvalgi aloqalarga qaytamiz», — degan edi.

Top